Sankt-Peterburgdagi qurilish maydonlarining birida 16 iyul kuni O‘zbekiston fuqarosi J.U. vafot etgan. Ushbu axborot O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi tomonidan tasdiqlandi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, Bosh konsulxona o‘lim fakti yuzasidan tekshiruv o‘tkazayotgan tergov organlari bilan aloqa o‘rnatgan va vaziyatni nazoratga olgan.

“Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi”, — deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi axborotida.

Ma’lumot uchun, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk viloyati, Kaliningrad viloyati, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad viloyati, Murmansk viloyati, Nenets avtonom okrugi, Novgorod viloyati, Pskov viloyati, Sankt-Peterburg shahri, Vologda viloyati) hududida joylashgan vatandoshlar zarur vaziyatlarda O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-965-029-41-49.