O‘zbekiston Mudofaa vaziri tomonidan tasdiqlangan rejaga ko‘ra, vazirning o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikromov boshchiligida mansabdor shaxslardan iborat guruh 9—14-iyul kunlari Markaziy harbiy okrug hududidagi viloyat markazlarida sayyor qabullar o‘tkazadi, bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.
Sayyor qabul harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda harbiy pensionerlar, fuqarolarning muammolari, talab, taklif va ehtiyojlarini o‘rganish, ularga amaliy ko‘mak berish maqsadida tashkil etilmoqda.
Sayyor qabullar soat 10:00 dan 16:00 ga qadar quyida keltirilgan kunlarda o‘tkaziladi:
- 9-iyul kuni – Samarqand shahri konsert zalida;
- 10-iyul kuni – Jizzax shahri drama teatri;
- 11—iyul kuni — Zarafshon va Uchquduq shaharlari;
- 12-iyul kuni – Navoiy shahar Yoshlar markazi.
Eslatib o‘tamiz, shu kunga qadar Mudofaa vazirining o‘rinbosari boshchiligida Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro hamda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida o‘tkazilgan sayyor qabul vaqtida mingdan ziyod murojaat ko‘rib chiqilib, ularning aksariyati ijobiy hal etilgandi.
Izoh (0)