“Kommersant” maxsus muxbiri Ivan Safronov va siyosat bo‘limi muharrir o‘rinbosari Maksim Ivanov Rossiya Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenkoning iste’fosi haqidagi maqola sabab nashrni tark etadi. Bu haqda “Vedomosti” xabar bermoqda.

Foto: Google Images

Jurnalistlarga ko‘ra, noshirlik uyi aksiyadori Alisher Usmonov shunday qaror qabul qilgan. Ular nashrni tomonlar kelishuviga asosan tark etadi.

“Materialni tayyorlash chog‘ida tahririyat standartlari buzilgani sababli jurnalistlar bilan xayrlashdik”, — deya ta’kidladi “Kommersant” bosh direktori Vladimir Jelonkin.

U aynan qanday qoidalar buzilganini oshkor etmadi va aksiyadorlarning tahririyat ishiga aralashuvini izohlashdan bosh tortdi.

Matviyenkoning ehtimoliy iste’fosi haqidagi material 17-aprelda chop etilgan, unda spiker prezident Putin bilan may oyida lavozimdan ketishini muhokama qilishi bildirilgandi.