Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 49-maktab jamoasi tomonidan “Daryo”ga yo‘llangan murojaatda aytilishicha, bir hafta avval Majburiy ijro byurosi talabi bilan xizmat ko‘rsatuvchi bank tomonidan barcha ishchi-xodimlarning plastik kartalari, ularning qarzi bor-yo‘qligidan qat’iy nazar, bloklab qo‘yilgan. “Daryo” muxbiri mazkur muammoni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston tumanida bo‘ldi.

Foto: “Daryo”

“O‘qituvchilarimiz MIB tomonidan plastik kartalari bloklanganini bilishmagan. Ba’zi o‘qituvchilar yakshanba kuni bozorga tushib, xarid qilmoqchi bo‘lgan, do‘konlarga kirgan, kundalik ehtiyoji uchun mahsulot olgan, plastigini bergan — u bloklangan chiqqan. Bor puli plastik kartada bo‘lgan aksariyat o‘qituvchilarimiz olgan mahsulotlarini qaytarib berib, bozordan quruq qo‘l bilan qaytgan.

Dushanba kuni plastik kartani bankka olib borsak, MIBdan kommunal to‘lovlardan qarzingiz yo‘qligi haqida ma’lumotnoma olib keling, bizga shunday topshiriq berilgan, degan javobni eshitdik.

Maktabimizda o‘quvchilarga ikki smenada dars beriladi. O‘qituvchilar kuni bilan darsdan ortmaydi. Oilaviy tadbirlarini ham yakshanba kuniga mo‘ljallashadi. Mana, o‘n kundirki, o‘qituvchilarning har daqiqasi hisobli bo‘lgan vaqti mana shu muammoni hal qilish bilan o‘tyapti.

O‘qituvchi bankdan MIBga, undan kommunal idoralarga qatnab, qarzdor emasligini tasdiqlovchi ma’lumotnomalarni to‘plasinmi yo maktabda dars o‘tsinmi?”, — deydi maktab kasaba uyushma kengashi raisi Tursunali Kolonov.

“Qo‘qon shahridan qatnab ishlayman. Har kuni ertalab bolalarimni bog‘chaga kuzatib, soat yetti yarimgacha maktabga yetib kelishim kerak. Darslarim soat to‘rtda tugaydi. Bolalarni vaqtida bog‘chadan olish uchun yana uyga shoshilaman. Plastik kartamni bank bloklab qo‘yibdi. Ichimlik suvidan qarzi bor deb. Kommunal to‘lovlardan umuman qarzim yo‘q edi. Mana, bir haftadan beri vaqtim bo‘lmayapti shu muammoni hal qilishga. O‘zimni pulimni ishlata olmayapman”, — deydi rus tili fani o‘qituvchisi Marina Ovchennikova.

Marina Ovchennikova (o‘rtada).

Marina Ovchennikova (o‘rtada).
Foto: “Daryo”

“Yakshanba kuni bozordan go‘sht oldim. To‘lov uchun plastik kartamni bersam, qulf ekan. Go‘shtni qaytarib berishga majbur bo‘ldim. Ertasiga bankka bordim. Ular MIBga jo‘natishdi. MIB xodimlari ichimlik suvidan 115 ming so‘m qarzingiz bor ekan, to‘lab keling, deyishdi. Aslida biz yashaydigan Eski Yaypan mahallasida ichimlik suvining o‘zi yo‘q. Qanday qilib yo‘q suvga qarz bo‘lishim mumkin?” — deydi matematika fani o‘qituvchisi Hulkaroy Mahmudova.

Masalaga aniqlik kiritish maqsadida tuman Majburiy ijro byurosiga bordik. Byuroning kommunal to‘lovlar bo‘yicha mutaxassisining ma’lum qilishicha, 49-maktab o‘qituvchilarining plastik kartalarini bloklash “Suvoqava” davlat unitar korxonasi tuman filiali tomonidan berilgan ro‘yxat asosida amalga oshirilgan. Ya’ni, maktabning ichimlik suvidan qarzdor bo‘lgan 78 nafar ishchi-xodimlariga tegishli plastik kartalari bloklangan, xolos. Kommunal to‘lovlardan qarzi yo‘q xodimlarning plastik kartalari bloklanmagan.

Maktab pedagoglari.

Maktab pedagoglari.
Foto: “Daryo”

“Prokuratura organlarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlashdagi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident farmoniga asosan 2018-yil 1-martdan boshlab turar-joyga propiska qilingan voyaga yetgan shaxslar kommunal to‘lovlar bo‘yicha uy mulkdori bilan birgalikda javobgar hisoblanadi. Majburiy ijro byurosiga energoresurslar bo‘yicha qarzdorliklari mavjud bo‘lgan iste’molchilarning plastik kartalaridan eng kam oylik ish haqining 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi pul mablag‘larini har oyda so‘zsiz yechib olish huquqi berilgan. Shu asosda, qarzdor xodimlarning bank plastik kartochkalarida operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatib turish uchun tijorat banklariga ma’lumotlar taqdim etildi. Qarzdorlik bartaraf etilgach, bank plastik kartochkalari yana ochib beriladi”, — deydi MIB xodimi.

“Suvoqava” davlat unitar korxonasi tuman filiali tomonidan berilgan ro‘yxatda 49-maktabning 78 nafar ishchi-xodimi umumiy hisobda ichimlik suvidan 11 380 081 so‘m qarz ekani ko‘rsatilgan. Biroq ro‘yxatda ism-familiyasi qayd etilgan aksariyat xodimlar ichimlik suvidan qarzi yo‘qligini ma’lum qildi.

“Yangi hayot qishlog‘ida yashayman. Qishlog‘imizda ichimlik suvi yo‘q. Lekin suvdan 178 ming so‘m qarz chiqarib, plastik kartamni bloklab qo‘yishibdi”, — deydi Ma’rufjon Saydaliyev.

“Ichimlik suvidan 118 ming so‘m qarzdorlik hisoblab, plastik kartamni bloklab qo‘yishibdi. Aslida bizda ichimlik suvi yo‘q. Quduq suvini tindirib ichamiz. Suv bo‘lganda, albatta, pulini vaqtida to‘lar edik. Haliyam plastik kartam qulflangan. Oziq-ovqat, dori-darmon olish kerak-ku”, — deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Xurshida Yigitaliyeva.

Xurshida Yigitaliyeva.

Xurshida Yigitaliyeva.
Foto: “Daryo”

Ma’rufjon Saydaliyev va maktabning boshqa xodimlari bilan “Suvoqava” davlat unitar korxonasi O‘zbekiston tumani filialiga bordik. Filial bosh operatori Sharifjon Abdurashidov Yangi hayot qishlog‘iga ichimlik suvi tarmog‘i tortilmaganini tasdiqladi. Ma’rufjon Saydaliyev nomiga noto‘g‘ri yozilgan 178 ming so‘m qarzdorlikni esa texnik xato sifatida izohladi.

Ma’rufjon Saydaliyev.

Ma’rufjon Saydaliyev.
Foto: “Daryo”

Ma’rufjon Saydaliyevga ichimlik suvidan qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berildi. Endi u bu ma’lumotnomani ko‘tarib MIBga boradi. MIBdan ham ma’lumotnoma olib, bankka borishi va plastik kartasini blokdan chiqartirishi kerak.

O‘zbekiston tumanida ta’lim sohasining yuzlab xodimlari shu “sxema” asosida sarson bo‘lmoqda. Ba’zi tashkilotlarning vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qarashi oqibatida o‘z mablag‘ini tasarruf eta olmayapti. Qimmatli vaqtini va asabini kommunal to‘lovlardan qarzi yo‘qligini isbotlashga sarflamoqda.

Albatta, energoresurslar, kommunal xizmatlar hamda ichimlik suvi uchun oldindan to‘lov qilish va buni har oyning 10 sanasiga qadar tegishli tartibda qayd ettirish iste’molchining zimmasida.

Biroq, kommunal idoralar kimnidir qarzdorlar ro‘yxatiga kiritishdan, MIB esa ularning plastik kartasini bloklashdan avval bu ma’lumotlar qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirib ko‘rishi kerak emasmi?

Bu mavzuga yana qaytamiz...

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda Italiyaning agrar sohaga oid universitetlari filiallari ochiladi
Dunyo
Rossiyada “Saroy to‘ntarishlari”ning boshlanishi, parvoz vaqtida portlab ketgan “Chellenjer” va general Vlasovning xoinligi. Kun xronologiyasida 28-yanvar
Mahalliy
O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ikki davlatga ID karta orqali o‘tishi mumkin bo‘ladi