2019-yil 15-yanvar kuni Toshkent viloyati hududida joylashgan temir yo‘l kesishmalarida poyezdlarni xavfsiz harakatlanishini ta’minlash va temir yo‘l kesishmalari bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalarining oldini olish maqsadida “Diqqat temir yo‘l” profilaktik tadbiri o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBYHXB Yo‘l harakatini tashkil etishni nazorat etish bo‘limi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Tadbir davomida temir yo‘l kesishmalariga yaqin joylashgan 7 ta korxona, 2 ta tashkilot, 21 o‘quv muassasasi va 24 mahallada profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, temir yo‘l kesishmasidan o‘tish qoidalari bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, mavjud temir yo‘l kesishmalarning holatlari o‘rganilib, temir yo‘l kesishmalariga yetishmovchi 12 yo‘l belgisi o‘rnatildi va 19 ta yaroqsiz holga kelib qolgan yo‘l belgisi yangisiga almashtirildi.
Bundan tashqari, 33 ta temir yo‘l kesishmasiga 66 ta YPX inspektori biriktirilib, ular tomonidan elektropoyezdlarning o‘tish vaqtida harakat xavfsizligini ta’minlash ishlari olib borildi.
Tadbir davomida, birgina 15-yanvar kunida temir yo‘l kesishmasidan o‘tish qoidasini buzgan 124 nafar haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Misol uchun, haydovchi J.D. o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, o‘z boshqaruvida bo‘lgan Spark rusumli, transport vositasini boshqarib ketayotib, yopiq turgan shlagbaumdan qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib harakatlanganligi, qolaversa haydovchi N.O. o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda Damas rusumli transport vositasini boshqarib ketayotib, kesishmaning taqiqlovchi qizil chirog‘ida harakatlanib, temir to‘siqni majburiy tushirish yo‘li bilan o‘z harakatini davom ettirgan.
O‘z navbatida, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan 124 nafar haydovchiga nisbatan jami 75 million 415 ming 500 so‘m miqdorida jarimalar belgilandi va ushbu belgilangan jarimalarni undirish choralari ko‘rilmoqda.
Bu boradagi ishlar viloyat hududida davom ettirilmoqda.
Izoh (0)