Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Bosh prokuratura, Oliy sud, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa mutasaddi idora-tashkilotlar mas’ul xodimlari hamda jurnalistlar qatnashdi.
Davra suhbatida korrupsiyaga oid sodir etilgan jinoyatlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, O‘zbekiston IIV jinoyat qidiruv bosh boshqarmasining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda uning joylardagi tizimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 1300 dan oshiq korrupsiya va iqtisodiyot asoslariga qarshi sodir etilgan jinoyatlar aniqlandi.
Mazkur jinoyatlar poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik, valyuta qoidasini buzish, qalbaki pul yasash, talon-tarojlik hamda boshqa turdagi holatlar bilan bog‘liq.
Tezkor-qidiruv chora-tadbirlari natijasida 374 ta guruh tomonidan sodir etilgan jinoyatlar fosh etilib, ularga qo‘l urgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi. Jinoyatlar natijasida yetkazilgan moddiy zararning undirilishi ta’minlandi.