Vazirlar Mahkamasining 13-noyabrdagi qarori bilan tashkilotni qayta tiklanuvchi manbalardan energiya chiqaruvchi qurilmalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sifatida identifikatsiya qilish mexanizmi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Qayta tiklanuvchi manbalardan energiya chiqaruvchi qurilmalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tashkilot deb soliq hisoboti davri yakunlariga ko‘ra bunday uskunalar realizatsiyasidan tushgan sof tushum umumiy sof tushumining 50 foizidan kam bo‘lmagan qismini tashkil etadigan yuridik shaxs tan olinadi.
Ma’lumot uchun, bunday turdagi tashkilotlar davlat ro‘yxatidan o‘tganidan boshlab 5 yil muddatga barcha soliqlar va Respublika yo‘l jamg‘armasiga to‘lovlardan ozod qilinadi.
Ixtisoslashish faktini tasdiqlash uchun imtiyozdan foydalanuvchi tashkilotlar soliq hisobotini topshirish chog‘ida tasdiqlangan shakl bo‘yicha soliq ma’lumotnomasini taqdim etadi. Unda ro‘yxat asosida qurilmalar ko‘rsatiladi.
Yuqoridagi imtiyozlar shu turdagi tashkilotlarga identifikatsiya asosida taqdim etiladi. Agar hisobot yili yakunlariga ko‘ra tashkilot belgilangan talablarga javob bermasa, imtiyozlar bekor qilinadi, soliq majburiyatlari tiklanadi va jarima belgilanadi.
Hujjat 14-noyabr kuni Milliy qonunchilik bazasida chop etildi va kuchga kirdi.
Izoh (0)