Amazon o‘zbekistonlik dasturchilar yaratgan mobil ilovani xarid qildi

O‘zbekistonning Datasite Technology axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kompaniyasi Birlashgan Arab Amirliklarida Amazon, Souq.com va Wing.ae kompaniyalari o‘rtasida imzolangan yirik bitimga hissa qo‘shganligi to‘g‘risida xabar bermoqda. Bitimning qiymati hozircha ma’lum qilinmagan, deb xabar berdi “Terabayt.uz”

Foto: “Terabayt.uz”

Amerikaning Amazon kompaniyasi joriy yilning iyulida faoliyatini kengaytirish maqsadida, Birlashgan Arab Amirliklarida onlayn savdo xizmatlarini ko‘rsatuvchi Souq.com kompaniyasini 650 million dollarga xarid qilgan edi. Souq.com O‘rta Sharq va arab davlatlaridagi o‘rnini yanada mustahkamlash maqsadida, Dubayning Wing.ae startapini ham xarid qildi. Mazkur startap savdogar, xaridor hamda kuryerlarga mahsulotlarni xaridorlarga yetkazib berish bo‘yicha eng maqbul mobil va elektron yechimlarni taklif qiluvchi yagona platformadir.

Foto: “Terabayt.uz”

AT Kearney marketing tadqiqotlari ekspertlarining fikricha, keyingi 3—4 yilda BAAda elektron tijorat ulushi yiliga 25 foizdan oshib bordi. Jumladan, 2018-yilga kelib onlayn savdo hajmi 10 milliard dollarga yetadi. Birgina Souq kompaniyasi oylik 45 million nafar foydalanuvchiga ega. Bu yerda 31 turdagi 8,4 million dona mahsulotlar sotiladi.

Foto: “Terabayt.uz”

Souq.com asoschisi va rahbari Ronaldu Mushavarning so‘zlariga ko‘ra, mobil xizmatlar, jumladan, elektron savdo aholi o‘rtasida tez ommalashmoqda. Internet tarmog‘ida savdo-sotiqning rivojlanishi mahsulotlarning tezkor va ishonchli yetkazib berilishiga bog‘liq. Wing.ae esa bunga xizmat qiluvchi ilg‘or onlayn bozor.

Foto: “Terabayt.uz”

Mazkur bitimda o‘zbekistonliklarning hissasi shundan iboratki, Wing.ae onlayn platformasining mobil ilovasi 2016-yilda o‘zbekistonlik dasturchilar, aniqrog‘i Datasite Technology tomonidan ishlab chiqarilgan. Qolaversa, o‘zbekistonlik Muzaffar Karabayev Wing.ae startapining rahbari va asoschisi hisoblanadi. Ilova qulay va ilg‘or xarid usullarini taqdim qiladi. Uning yordamida mahsulotlarning qaysi manzilda ekanini kuzatib borish mumkin.

O‘zbekiston IT-bozorida 10 yildan buyon faoliyat olib borayotgan Datasite Technology mahalliy va xorijiy mijozlar uchun 300 dan ziyod loyihalarni amalga oshirgan.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing