2017-yilning 1-aprelidan boshlab O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani 30 daqiqada olishga imkon beruvchi biznesni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan noyob milliy tizimi ishga tushirildi. Yangi tizim ishga tushirilganidan boshlab bir oy mobaynida uning yordamida 21 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 7,5 foizi bu ishni onlayn tarzda amalga oshirgan. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Real vaqt rejimida biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmining joriy etilishi davlat xizmati ko‘rsatilishining erkinligi, oshkoraligi va sifatini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekiston Biznes forumi (III bosqich)” loyihasi ko‘magida respublikada birinchi marotaba to‘la-to‘kis tranzaksiyalangan davlat xizmati joriy qilinganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Yangi tartib faoliyati o‘laroq tartibotlar soni sezilarli darajada qisqartirildi, vaqt va moliyaviy sarflar kamaytirildi.
Bugungi kunda yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishda taqdim etiladigan hujjatlar soni 6 tadan amalda 1 tagacha qisqartirildi, ya’ni faqat ariza talab qilinadi va unda ko‘rsatilgan ma’lumotlardan ta’sis hujjatlari generatsiya qilinadi (topshirish-qabul qilish dalolatnomasi va taqsimlash balansi taqdim etilishi lozim bo‘lgan qo‘shib yuborish, birlashtirish, ajratib chiqarish hamda bo‘lish holatlari bundan mustasno). Yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) uchun zarur bo‘lgan hujjatlar soni 7 tadan 1 tagacha qisqartirildi, ya’ni faqatgin ariza taqdim etish lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, biznesni Internet orqali onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish shaxsan kelgan holda ro‘yxatdan o‘tkazishga nisbatan bir qator ustunliklarga ega.
- Birinchidan, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish zarurati yo‘qoladi, natijada arizachilarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazishga davlat bojini to‘lash uchun bank kassasiga shaxsan tashrif buyurish zaruriyatidan xalos etadi, bu esa arizachilarning bilvosita sarf-xarajatlarini kamaytiradi.
- Ikkinchidan, hujjatlar Internet orqali onlayn topshirilganda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, shu jumladan qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojlari stavkalari shaxsan tashrif buyurgan holatga nisbatan ikki barobar kam qilib belgilangan.
- Uchinchidan, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va topshirishni arizachi uchun qulay bo‘lgan istalgan vaqtda boshlash, to‘xtatib turish yoki qaytadan boshlash mumkin bo‘ladi.
Biznesni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish tizimidan nisbatan kam foydalanilayotganligining sabablaridan biri elektron raqamli imzo (ERI) voitasi yordamida Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida bir martalik identifikatsiyalash va autentifikatsiyalash zarurligi bo‘lib hisoblanadi. Autentifikatsiyalash kelgusida boshqa xizmatlardan foydalanishga imkon beradi, lekin buning uchun ERI olish uchun soliq inspeksiyasiga murojaat qilish zarur bo‘ladi. Shu sababli, loyiha ekspertlari fikriga ko‘ra O‘zbekiston fuqarolik pasporti bilan bir vaqtda berilishi taklif etilayotgan shaxsni identifikatsiyalash kartasini (ID-karta) muomalaga kiritish zarur. ID-kartalar Internet orqali istalgan davlat xizmatini olish va masofadan foydalanish, arizalar hamda hujjatlarni real vaqt rejimida imzolashga imkon beradi.
Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishga doir onlayn xizmatni aholi orasida nisbatan global miqyosda ommalashtirish uchun arizachilar kompyuter savodxonligi darajasini oshirish muhimdir, chunki kompyuterni bilmaslik ularning imkoniyatlarini cheklab qo‘yishi mumkin. Tadbirkorlar tomonidan amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan, o‘z faoliyatida muhrlar va shtamplardan foydalanmaslikka doir huquqlaridan foydalanmasliklarini ham ta’kidlash lozim. Xususan, 2015-yil 20-avgustdagi O‘RQ–391-sonli qonun bilan kichik biznes subyektlari uchun muhrlar va shtamplarni majburiy tayyorlatish to‘g‘risidagi talab bekor qilingan.
Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston Biznes forumi (III bosqich)” loyihasi SSP va BMTTDning qo‘shma tashabbusi hisoblanadi va onlayn xizmatlarni joriy etish, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek inklyuziv biznes-modellarni rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlar yo‘li bilan biznes yuritish uchun shart-sharoitlarni yaxshilashga yo‘naltirilgan.
Izoh (0)