17-aprel kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Jomboy tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Sessiyada Oliy Majlis Senati a’zolari, viloyat va shahar Kengashlari deputatlari, viloyat va shahar ijro hokimiyati, prokuratura, ichki ishlar va boshqa nazorat idoralarining rahbarlari, nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyani tuman hokimining o‘rinbosari X. O‘sarova boshqardi.
Dastlab sessiyada jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan xalq deputatlari tuman Kengashi raisi o‘rinbosarini saylash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Tuman kengashi deputati Zarifa Yusupova xalq deputatlari tuman Kengashi raisi o‘rinbosari etib tasdiqlandi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan Senat raisi N. Yo‘ldoshev so‘zga chiqdi.
Sessiyada Jomboy tumanidagi 10 kunlik o‘rganishlar natijasi yuzasidan ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha viloyat komissiyasi raisi Otabek Ahtamov axborot berdi.
Ta’kidlanishicha, Jomboy tumanida joriy yilning o‘tgan uch oyi davomida 58 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, jinoyatchilik o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikkitaga kamaygan. Biroq jinoyatlarning firibgarlik, giyohvandlik, odam o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi bilan bog‘liq turlari oshgan. Mahallalarning 18 tasida jinoyatlar sodir etilgan.
Qayd etilgan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning tushuntirishlari tinglandi.
Sessiya yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Izoh (0)