Umumiy qiymati 4 milliard dollarlik ushbu loyihaning amalga oshirilishi yiliga 4,5 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash hisobidan 3,7 milliard kub metr gaz, 387 ming tonna polietilen, 83 ming tonna polipropilen va boshqa qimmatbaho mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Surg‘ilda Ustyurt gaz-kimyo majmuasida polipropilen ishlab chiqarish boshlandi. Qurilishi 2012-yilda boshlangan Ustyurt gaz-kimyo majmuasida gazni taqsimlaydigan, etilen, polietilen, polipropilen ishlab chiqaradigan va energiya manbalari bilan ta’minlaydigan jami beshta zavod, shuningdek, zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilgan. Ular dunyodagi eng zamonaviy yuqori texnologiyalar bilan ta’minlangan, eng so‘nggi rusumdagi uskunalar o‘rnatilgan.
Majmuada 1300 ga yaqin mutaxassis faoliyat ko‘rsatmoqda. Ustyurt gaz-kimyo majmuasida mahsulot ishlab chiqarish jarayoni sinov tariqasida o‘tgan yili boshlangan edi. 2015-yilda 54,9 ming tonnadan ziyod suyultirilgan uglevodorod gazi, 34 ming tonnadan ortiq gaz kondensati ishlab chiqarildi. Magistral gaz quvurlariga 1,8 milliard kub metrdan ortiq etan va gaz, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati energiya tizimiga 87,5 ming megavattdan ziyod elektr energiyasi yetkazib berildi. Ayni paytda piroliz distillyati Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga benzin tayyorlash uchun yuborilmoqda. Polietilen va polipropilen qator xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda. Shu kunga qadar qariyb 150 million dollarlik 186 ming tonnadan ortiq polietilen va polipropilen Markaziy va Sharqiy Osiyo, MDH va Yevropa mamlakatlariga jo‘natildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yilga borib polietilen ishlab chiqarish hajmi 4,1 barobar oshadi.
Deputatlar ushbu korxonada yoshlar bandligini ta’minlash, aholining mehnatga bo‘lgan ijtimoiy huquqlarini himoyalash borasida qilinayotgan ishlarga ham e’tibor qaratdi. Xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va qulayliklar barchaning e’tiborida bo‘ldi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)