O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonnini imzolagan edi.
Farmonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashida tashkiliy ishlar va uslubiy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari, shuningdek, Respublika kengashi hamda hududiy kengashlarda yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha rais o‘rinbosarlari lavozimlarini, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan mahalla fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari – yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimini joriy etish nazarda tutilgan.
Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) kengashlarining ta’sis konferensiyalari o‘tkazilmoqda. Shunday tadbirlardan biri Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Unda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashini tuzish, a’zolarini tasdiqlash, tuman kengashi ijro apparatining tuzilmasini tasdiqlash keng jamoatchilik ishtirokida ko‘rib chiqildi.
Tuman kengashining raisi, birinchi o‘rinbosari hamda raisning yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda kengash kotibi ochiq ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlandi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi ta’sis konferensiyasida ishtirok etish uchun hududdagi fuqarolar yig‘inlaridan Alisher Navoiy nomidagi mahalla raisi B.Nazarov ishonchli vakil sifatida ishtirok etishi ma’qullandi.
Shu bilan birga, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi tashkiliy yig‘ilishida ishtirok etish uchun tumandan 8 nafar delegat saylandi.
Hududlarda ta’sis konferensiyalari bo‘lib o‘tmoqda.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)