Xitoy Super ligasida O‘zbekiston milliy terma jamoasining uch nafar futbolchisi to‘p suradi: Anzur Ismoilov, Yegor Krimets va Odil Ahmedov.
Bugun — 4-mart kuni Xitoyning olti klubi Super liganing 2017-yilgi mavsumini boshlab beradi. Ahamiyatli tomoni, o‘zbekistonlik futbolchilar xizmatidan foydalanayotgan ikki klub ilk turdayoq o‘zaro to‘qnash keladi.
Toshkent vaqti bilan 16:35 da “Shanxay SIPG” o‘z maydonida “Chanchun Yatay” klubini qabul qiladi. Mezbonlar safida Odil Ahmedovning maydonga tushishi so‘roq ostida. Sir emaski, Super liga reglamentiga ko‘ra maydonda uch nafar xorijlik futbolchi harakat qilishi mumkin. Shanxayliklarda esa legionerlar soni 5 nafar: Xalk, Oskar, Elkesen, Karvalyu hamda Ahmedov. Bosh murabbiy Andre Villash-Boash bu borada qiyin tanlovda qolgan.
Ma’lumot uchun, “Shanxay SIPG” yangi mavsum hisobidan 3 ta xalqaro o‘yin o‘tkazib, ularning barchasida zafar quchishga muvaffaq bo‘ldi. Chempionlar ligasining pley-offida Tailand klubi darvozasiga javobsiz 3 ta gol urgan jamoa, guruh bosqichida “Seul”ni safarda 1:0, “Vestrn Sidney”ni Shanxayda 5:1 hisoblarida mag‘lub eta oldi. Ahmedov ularning barchasida to‘liq harakat qilgandi.
Izoh (0)