Sog‘lom hayot tarzining barcha qabul qilgan qoidalari mavjud — to‘g‘ri ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanish, zararli odatlardan voz kechish. Biroq ba’zi eskirgan salomatlik “sirlari” aslida faktlar bilan tasdig‘ini topmagan yanglish fikrlardir.
Qo‘l uchun antiseptikdan foydalanish
Agar kun davomida qo‘llaringizni muntazam yuvib tursangiz, u holda sizga antiseptik kerak bo‘lmaydi. Qolaversa, antiseptik ham oddiy sovun va suv o‘ldira oladigan bakteriyalardan ko‘proq bakteriya o‘ldira olmaydi. Ba’zi viruslar esa antiseptikdan umuman cho‘chimaydi.
Polivitaminlar qabul qilish
Ko‘pchilik bunga hech qanday ehtiyoj bo‘lmasa-da, har kuni polivitaminlar qabul qiladi. Organizmga vitaminlar ham kerakligini inkor etmaymiz. Ularsiz ovqat yaxshi o‘zlashtirilmaydi yoki raxit va singa kabi xastaliklar kelib chiqadi. Biroq biz ko‘pincha vitaminlarni oziq-ovqat bilan yetarlicha qabul qilamiz, qo‘shimcha qabul qilishga esa zarurat bo‘lmaydi.
Tik turgan holda ishlash
2015-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar tik turib ishlashning hech qanday afzalliklarini aniqlay olmadi. Tik turganimizda ko‘proq kaloriya yo‘qotishimiz uning yagona afzal jihatidir. Shuning uchun ortiqcha vazndan qutulmoqchi bo‘lsangiz, tik turib ishlashni davom ettirishingiz mumkin.
Hojatxona o‘tirgichi uchun bir martalik qoplamalardan foydalanish
OITS yoki gerpes kabi viruslar juda beqaror bo‘lib, odam organizmidan tashqarida yashay olmaydi. Qolaversa, teri ham turli mikroblarga qarshi samarali to‘siq hisoblanadi. Shuning uchun jamoat joylardagi hojatxona o‘tirgichiga o‘tirsangiz ham biror xastalikni yuqtirib olishingiz dargumon. Bakteriyalar kesik yoki yara joylardan organizmga qon orqali o‘tishi mumkin.
Mevalarning faqat sharbatini ichish
Meva va sabzavotlardan sharbatini siqib ola turib, ulardagi barcha foydali ozuqaviy to‘qimalarni yo‘q qilasiz. Aynan ular bizni to‘q tutadi. Sharbatda esa faqat shakar qoladi. Shakarning yuqori tarkibi va oqsil kam bo‘lgan parhez doimiy ochlik hissi, kayfiyatning keskin o‘zgarishi va darmonsizlikka olib keladi. Shuning uchun faqat sharbatli parhezga o‘tishga shoshilmang.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)