Barchamiz bayram oqshomida mehmonlarni ko‘ngildagidek kutib olish uchun astoydil harakat qilamiz. Shunda aziz bekajonlarimizga multivarka yordamga keladi. Unda bayram stolini bezatish uchun turli-tuman taomlar tayyorlash mumkin.
Eng mayin biskvitga va ajoyib ta’mga ega shokoladli tort dasturxoningiz ko‘rkiga aylana oladi. Uni tayyorlash uchun kerak bo‘ladigan masalliqlar barchamizning oshxonamizdan topiladi.
Shokoladli tort tayyorlash uchun zarur masalliqlar
- bug‘doy uni — 250 gramm;
- soda — 1,5 choy qoshiq;
- tuz — 1 choy qoshiq;
- kakao kukuni — 55 gramm;
- tuxum — 2 dona;
- shakar — 300 gramm;
- sariyog‘ (yumshatilgan) — 60 gramm;
- zaytun yog‘i (yoki o‘simlik yog‘i) — 60 gramm;
- vanil shakari — 2 choy qoshiq;
- sut — 280 ml;
- uksus (olmali, uzumli 6 foizdan oshiq emas) — 1 osh qoshiq.
Tayyorlash
Birinchi navbatda elangan un, soda, tuz, kakao kukuni va shakarni aralashtirib olamiz. So‘ngra quruq aralashmaga tuxum, vanil, sariyog‘, zaytun yog‘i, sut va uksusni qo‘shamiz.Xamirni mikser yordamida ko‘pirtiramiz. Dastlab u bo‘sh va uvoqli ko‘rinishda bo‘ladi. Bundan cho‘chimasdan, mikserning kuchini hisobga olib, yana 3—5 daqiqa ko‘pirtirishda davom etamiz.
Multivarka idishini yaxshilab yog‘lab, tag qismiga pergamentdan qirqib olingan aylanani joylaymiz. 60 daqiqaga “Pishiriq” (“Vipechka”) rejimini tanlaymiz. Agar duxovkada pishirmoqchi bo‘lsak, u 180 daraja issiqlikda 45—55 daqiqa davomida tayyor bo‘ladi.
Tayyor biskvitni darhol multivarka idishidan olib, pergamentni olib tashlaymiz. Uning sovushini kutamiz. Sovishi bilan oziq-ovqat plyonkasiga o‘rab, 2 soatga qoldiramiz.
Agar shoshib turgan bo‘lsangiz, tortga shunchaki shakar pudrasini seping. Yoki istalgan sevimli kremingizdan surishingiz mumkin. Eng yaxshi variant — shokoladli ganash tayyorlash: qaymoqli qora shokoladni eritib, unga biroz sariyog‘ qo‘shamiz.
Shundan so‘ng tortni ikkiga bo‘lib, ganash suramiz. Qolgan ganashni ustidan quyib, malina yoki boshqa mevalar bilan bezatamiz.
Ajoyib shirinlik yordamida yaqinlaringizga quvonch ulashing!
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)