Alyaskaning sovuq iqlimi tufayli nikoh mavsumida urg‘ochilar uchun kurashayotgan ikki los halok bo‘ldi. Ular suv ichida butunlay muzlab qoldi, deb xabar beradi “National Geographic Rossiya”.
Alyaskadagi Unalaklit shaharchasida istiqomat qiluvchi Jeff Erikson daryo ichiga muzlab qolgan ikki losning tanasini topib oldi. Ular shoxlashayotgan ko‘yi muzlab qolgan edi.
Ekspertlarning aytishicha, odatda kuzga to‘g‘ri keladigan nikoh mavsumining boshida ikki erkak los urg‘ochi uchun daryo ustida shoxlashayotgan edi. Ammo ularning og‘irligi ostida muz sinib, raqibining zarbidan halok bo‘lgan jonivor suvga tushib ketib, uning shoxiga shoxlari ilashib qolgan ikkinchi losni ham tortib ketgan. Shundan so‘ng sovuq urib, ular muzlab qolgan.
Erikson do‘stlari bilan voqea joyiga kelib, benzinli arra yordamida jonivorlarning tanalarini muzdan chiqarib oldi.
Izoh (0)