Ukraina sharqida ixtiloflar boshlanganidan beri 9 167 kishi halok bo‘lgan, 21 044 kishi jarohat olgan. Bu haqda BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Ukrainada inson huquqlariga rioya etilishi yuzasidan tayyorlangan ma’ruzasida ma’lum qilingan, deya xabar beradi “Korrespondent.net”.
“2014-yilning aprel oyi o‘rtalaridan 2016-yilning 15-fevraliga qadar Ukraina sharqidagi mojaro hududida fuqarolar, Ukraina qurolli kuchlari va qurolli tuzilmalar a’zolaridan 30 211 kishi jabrlangan”, — deyiladi mazkur hujjatda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Ukraina sharqidagi ixtilof hududida 3 millionga yaqin kishi istiqomat qilmoqda: 2,7 million kishi qurolli tuzilmalar nazorati ostidagi, 200 ming kishi esa Ukraina hukumati nazoratidagi hududlarga tutash manzillarda.