Butunjahon boks tashkiloti (WBO) rahbariyati amerikalik bokschi Floyd Meyuezerni 66,68 kg vazn toifasidagi jahon chempionligi unvonidan mahrum qildi, deb xabar beradi “TASS”.
3-may kuni Menni Pakyaoni mag‘lub etgan Meyuezer WBO, WBA va WBC yo‘nalishlari bo‘yicha kamarlarni topshirishini ma’lum qilgandi. Shu sababli WBO Timoti Bredli va Jessi Vargas o‘rtasida bo‘shab qolgan kamar uchun chempionlik jangi o‘tkazishga qaror qildi. Ammo keyinchalik Meyuezerning vakillari bokschi jahon chempionligi kamarlarini bo‘shatmaganini aytdi. Tashkilot sportchiga o‘ylab olish uchun vaqt berdi.
WBO qoidalariga ko‘ra, sportchi bir vaqtning o‘zida boshqa versiyalarda va boshqa vazn toifalarida chempionlik unvoniga ega bo‘lolmaydi. Meyuezerga 69,85 kg vazn toifalaridagi WBC va WBA kamarlaridan voz kechish taklif qilingandi. Bundan tashqari, amerikalik bokschi Pakyao bilan o‘tkazgan janggi uchun WBO’ga hozirgacha 200 ming dollardan iborat vositachilik pulini to‘lagani yo‘q.
Shunday qilib, 27-iyun kuni Vargasni mag‘lub etgan Bredli jahon chempioni, deb e’lon qilindi.