Dunyoda 40 taga yaqin mamlakat Oʻzbekiston oliygohlari diplomlarini tan olmoqda. Bu haqda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov 15-aprel kuni Toshkent shahrida oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.
“Daryo” muxbiri vazirdan Markaziy Osiyo davlatlari diplom va malakalarni tan olish boʻyicha qachon kelishuvga erishishi haqida soʻradi. Qoʻngʻirotboy Sharipovning aytishicha, bu boʻyicha ishlanmoqda.
“Iyun oyida Qirgʻiziston bilan diplomlarni toʻgʻridan toʻgʻri tan olish boʻyicha kelishuv imzolaymiz. Qozogʻiston ham ogʻzaki rozilik bildirgan. Mamlakat parlamenti tasdiqlasa, kelishuvga erishiladi. Turkmaniston bizga ‘dunyoda kuchli mingtalikka kirgan universitetlaringiz diplomlarini tan olamiz’, deyapti. Oʻylaymizki, bu davlatlar bilan birgalikda masalani hal qilishimiz mumkin. Hozirgi kunda Turkmaniston bizdagi top mingtalikka kirgan universitetlarga talabalarini oʻqishga joʻnatyapti”, dedi vazir.
Qoʻngʻirotboy Sharipov gap barcha diplomlarni tan olish toʻgʻrisida ketmayotganini tushuntirdi. Ayrim davlatlar Oʻzbekistondan talabalarini yaxshi universitetlarda oʻqitib berishni soʻrayotganini taʼkidladi. Keyin ular oʻsha OTM diplomlarini tan olishga tayyorligini bildirgan. Mana shu joyida kelishib olish asosiy masala boʻlib turibdi.
“Oʻzbekistonda tahsil olayotgan 23 ming 500 nafar xorijlik talabalar ichida Oʻrta Osiyoning deyarli hamma hududlaridan yoshlar bor. Oldinlari diplomlarni oʻzaro tan olish toʻgʻrisida gap ham boʻlishi mumkin emas edi. Oʻtgan yili YUNESKO oʻtkazgan tadbirda Tokio konvensiyasiga qoʻl qoʻydik. U yerda 40 taga yaqin davlat bilan diplomlarni oʻzaro tan olish boʻyicha hujjat imzoladik. Roʻyxatni koʻrsangiz Yevropa davlatlari ham, Yaponiya ham bor. Yaʼni hozir dunyo boʻyicha 40 taga yaqin davlat bizning universitetlar diplomlarini tan olyapti. Faqat ular bizdan sifatli taʼlimni talab qilyapti”, dedi vazirlik rahbari.
Qoʻngʻirotboy Sharipovning bildirishicha, mamlakatdagi OTMlar diplomi butun dunyoga oʻtishi uchun universitetlar taʼlim yoʻnalishlarini xalqaro roʻyxatga kiritishi kerak. Shunda OTM diplomi butun dunyoda tan olinadi.
“Top mingtalik reytingdagi universitetlar qatoriga kiritib olsak, bu universitetlarimizga investitsiya, taʼlim eksporti nuqtayi nazaridan katta imkoniyat boʻladi”, dedi vazir.
Avvalroq Qozogʻiston fan va oliy taʼlim vaziri Nurbek Sayasat mintaqa vazirlari uchrashuvidagi holatni tanqid qilgandi. Yaʼni Qoʻngʻirotboy Sharipov Markaziy Osiyodagi oliygohlar bir-birining diplomini tan olishi boʻyicha taklif bildirganda ayrim rahbarlar bunga rozilik bildirmagan.
“Vazir janoblari diplom va malakalarni tan olish boʻyicha konvensiya tuzish gʻoyasini ilgari surgandi. Men mazkur gʻoyani darhol qoʻllab-quvvatladim. Zudlik bilan imzolab, bir hafta ichida barcha sharoitni yaratdik. Ammo, afsuski, buni qoʻshni davlatlardagi boshqa hamkasblarimiz qoʻllab-quvvatlamadi. Bu yaxshi emas. Chunki boʻlingan holda yengilamiz”, degan Nurbek Sayasat.
Hozir Oʻzbekistonda 204 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ular soni 10 yil avvalgi 69 taga nisbatan uch baravardan koʻproq oshgan. Mamlakatda talabalar soni 1,5 million nafarga yetgan.








