Chexiyaning Krumlov o‘rmonida arxeologlar chaqmoqtosh qazib olish vaqtida noyob qabrlarni izlab topdi. Chaqmoqtosh qadimda mehnat qurollari va qimmatbaho buyumlar yasashda muhim xomashyo bo‘lgan.
Tadqiqot natijalari Archaeological and Anthropological Sciences (AAS) jurnalida chop etildi, deya xabar berdi Zakon.kz.

Qabrdan ikki ayol va yangi tug‘ilgan chaqaloq qoldiqlari aniqlangan. Suyak tahlili natijalariga ko‘ra, ayollar juda og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullangan: ularning umurtqa pog‘onalarida murakkab mehnatdan so‘ng paydo bo‘ladigan o‘zgarishlar — osteofitlar, suyak qiyshayishi, eroziya va hatto singan qo‘llar aniqlangan. Olimlarning taxminicha, ular tor shaxtalarda egilgan holatda chaqmoqtosh qazigan.
Izotop tahlillari bu ayollarning boshqa aholiga nisbatan ko‘proq hayvon oqsili iste’mol qilganini ko‘rsatdi. Ehtimol, ularning konchilik bilan shug‘ullanishga kuchi yetishi uchun ko‘proq go‘sht mahsulotlari yegan. Bundan tashqari, bu ayollar jiddiy jarohatlar olganiga qaramay, og‘ir mehnat qilishda davom etgan.

Genetik tekshiruv bu ikki ayol yaqin qarindosh, ehtimol, opa-singil bo‘lganini ko‘rsatdi. Chaqaloq esa ular bilan qondosh emasligi aniqlandi. Ammo nega ular birga ko‘milgani esa hozircha sirligicha qolmoqda.
Bu topilmalar Yevropada shu paytgacha ma’lum bo‘lgan eng qadimgi shaxta qabrlari hisoblanadi va ular neolit davrida og‘ir konchilik ishlarini ayollar ham bajarganining noyob dalili bo‘lib xizmat qiladi.
Izoh (0)