Misrning Qohira shahrida 13 yoshli o‘smir birdaniga tezpishar ugrani xom holda iste’mol qilib, vafot etdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea Al-Marg tumanida sodir bo‘lgan. Politsiya bolakayning uyiga yetib borganda uning jasadi hech qanday tashqi shikastlanishsiz topilgan. Dastlabki tergovda aniqlanishicha, u bir vaqtning o‘zida 3 ta o‘ram xom ugra iste’mol qilgan va bu og‘ir xastalanishga sabab bo‘lgan.
Prokuratura mazkur mahsulotni sotgan do‘kon egasini qo‘lga olishga qaror chiqargan. Ugradan namuna olinib, laboratoriya tekshiruviga yuborilgan, bolaning jasadi esa sud-tibbiy ekspertizasiga topshirilgan. Dastlabki natijalarga ko‘ra, mahsulot standartlarga javob berishi aniqlangan, biroq haddan tashqari ko‘p miqdorda xom holda iste’mol qilish ovqat hazm qilish tizimida o‘tkir va og‘ir muammolarga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan.
“Indomie” nomi bilan mashhur bo‘lgan tez tayyor bo‘ladigan ugralar Misrda ayniqsa yoshlar orasida keng tarqalgan, chunki ular arzon va tayyorlash oson. So‘nggi yillarda bu mahsulot bilan bog‘liq noxush hodisalar haqida bir necha bor xabarlar berilgan. Mutaxassislar ayrim tarkibiy qismlar, jumladan, natriy glutamat va konservantlar sog‘liqqa salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytib keladi.
Shunga qaramay, Misr Milliy ovqatlanish instituti tezpishar ugra to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘limga sabab bo‘lishini isbotlovchi ilmiy dalillar yo‘qligini bildirmoqda. Mutaxassislarga ko‘ra, bunday holatlar ko‘proq mahsulotni noto‘g‘ri iste’mol qilish yoki saqlash sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)