Google Docs matn muharriri Gemini sun’iy intellekt yordamida hujjatlarning audio versiyalarini yaratishni o‘rgandi. Bu haqda The Verge nashri xabar bermoqda.

Shu bilan birga, foydalanuvchilarga matnni ijro etish sozlamalaridan foydalanish imkoniyati berilgan. Xususan, diktor ovozining bir nechta turidan birini tanlash, shuningdek, o‘qish tezligini sozlash mumkin.
Yangi funksiyadan nafaqat hujjat yaratuvchisi foydalana oladi, balki Googlening ta’kidlashicha, o‘quvchilar ham “Asboblar” ochiluvchi menyusidan “Audio” bandini, so‘ngra “Ushbu sahifani tinglash” punktini tanlash orqali umumiy hujjatning sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan audiosiga kira oladilar. Bundan tashqari, mualliflar bevosita hujjatga audioni tinglash uchun sozlanadigan tugmani qo‘shishlari mumkin. Bu esa o‘quvchilarga bir marta bosish orqali tinglashni boshlash imkonini beradi.
Google hujjatlarni sun’iy intellekt podkastlariga aylantirish rejalarini aprel oyida e’lon qilgan edi. Funksiyani ishga tushirishning dastlabki bosqichida faqat bitta til - ingliz tili mavjud.
Hozircha Google Docs xizmatidagi yangi funksiya faqat Business, Enterprise yoki Education tarif rejalariga ega bo‘lgan Workspace foydalanuvchilari, shuningdek, AI Pro va Ultra obunalariga ega bo‘lgan foydalanuvchilar uchungina mavjud.
Bundan avval Google Gemini Guided Learning vositasini ishga tushirishini e’lon qilgandi. Bu vosita interaktiv sun’iy intellekt repetitori sifatida taqdim etilmoqda.
Izoh (0)