2025-yil 17-aprel kuni Fargʻona viloyati Furqat tumanida maktab direktori Guliraʼno Qosimova IIB xodimlari tomonidan yechintirilib, kaltaklandi. Bu haqda ayol “Kun.uz”ga bergan intervyusida maʼlum qildi. Material yuzasidan Senat hamda Fargʻona viloyati IIB munosabat bildirib, holat nazoratga olinganini xabar berdi.
Voqea haqida qisqacha
Manbaga koʻra, tuman ichki ishlar va soliq boshliqlari oʻrtasidagi adovat boʻlgan. Soliqchidan oʻch olish payida yurgan IIB xodimi ayol uning uyiga borgan paytdan foydalangan. Yaʼni Guliraʼno Qosimova erining operatsiyasi uchun qarz soʻrab, tanishi, tuman soliq inspeksiyasi boshligʻi oldiga boradi. Keyin ichki ishlar xodimlari uyga birdaniga bostirib kiradi. Soliq boshligʻi va maktab direktorini yechintirib, kaltaklashga tushishadi. Intervyuda aytilishicha, IIB xodimlari ayolning yalangʻoch holatini telefon kamerasiga tasvirga olib, undan erkak jinsiy aloqa qilishga majburlagani haqida ariza yozib berishni talab qiladi.
Ayol tuhmatni inkor etib, ariza yozmaydi. Keyin unga turli bosimlar oʻtkaziladi, hatto turmush oʻrtogʻiga “xotiningni boshqasi bilan ushlab oldik”, deb aytishgacha borishadi. Manba ichki ishlar rahbari soliq boshligʻini ishdan ketkazish maqsadida mazkur “qoʻlga olish” tadbirini uyushtirganini qayd etgan.
Intervyuda ayol voqea sabab ruhiy tushkunlikka tushib, oʻz joniga qasd qilishga uringani, ammo omon qolib, voqeani jamoatchilikka oshkor etganini aytgan. Natijada IIB boshligʻi egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilgan. Ammo uning sherigi hisoblanayotgan oʻrinbosari, ayolni tahqirlagan tezkor xodimlar hali ham oʻz lavozimlarida ishlayotgani aytilmoqda. Guliraʼno Qosimovaning taʼkidlashicha, sobiq IIB boshligʻi oʻrinbosari boʻlgan ishlarni bosdi-bosdi qilish uchun ayolga tanishlari orqali 50 ming dollargacha pul taklif qilgan.
Guliraʼno uni tahqirlab, doʻpposlagan, “operatsiya”da qatnashgan barcha xodimlarga qonun doirasida qatʼiy chora koʻrilishini istashini bildirgan. Holat boʻyicha prokuratura tomonidan tergov harakatlari oʻtkazilib, sobiq IIB boshligʻi va masʼul shaxslar boʻyicha ayblov ishi mazmunan koʻrish uchun sudga yuborilgan.
Holat nazoratga olindi
Oliy sud matbuot xizmati sobiq Furqat tuman IIB boshligʻi va uning birinchi oʻrinbosariga oid jinoyat ishi Quva tuman sudida koʻrib chiqilayotganini maʼlum qildi.
Senat holat boʻyicha Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa huquqni muhofaza qilish organlar tomonidan qonuniy qaror qabul qilishi parlament nazoratiga olinganini bildirdi. Shu bilan birga, Fargʻona viloyati IIB ham yuqoridagi holat nazoratga olinganini maʼlum qildi.
“Furqat tumani IIB boshligʻi soliq boshligʻiga nisbatan fitna uyushtirgani, begona ayol shaʼnini bulgʻagani haqidagi soʻnggi xabar va unda keltirilgan holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilyapti. Biroq yuqoridagi holat boʻyicha hali tergov va sud jarayonlari yakunlanmasdan turib, toʻliq asoslanmagan maʼlumotlarni ommaga taqdim etish ortidan fuqarolar orasida shov-shuv uygʻondi. Shu munosabat bilan fuqarolarimizdan keltirilgan vajlar hali tasdiqlanmasdan, sud hukmi eʼlon qilinmasdan turib, nooʻrin xulosa chiqarmaslikni soʻraymiz”, deyiladi viloyat IIB rasmiy munosabatida.
Qoʻshimcha qilinishicha, asosli materiallar tergov va sud organlariga taqdim etiladi. Yakuniy natija yuzasidan xolis munosabat bildiriladi.








