Janubiy Koreyada sud 90 yoshli ayolni o‘g‘lining narkotrafikdan ko‘rgan foydasini yuvishda yordam bergani uchun bir yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Mahalliy OAVda nomi oshkor qilinmagan ayol 2020-yilning aprel oyidan 2022-yilning fevral oyiga qadar to‘qqiz marotaba jami 386 million von (taxminan 260 800 dollar) miqdoridagi mablag‘ni qabul qilib olgan. Sud materiallariga ko‘ra, u o‘g‘lining ko‘rsatmasi bilan ushbu pullarni belgilangan hisobraqamlarga o‘tkazib kelgan.
Kambodjadagi narkosavdogar o‘g‘il
Xabarlarda “Song” deb ko‘rsatilgan ayolning o‘g‘li 2020-yildan beri Kambodjada qamoq jazosini o‘tamoqda. U ushbu mamlakatga metamfetamin olib kirganlikda ayblanib, mahkum etilgan edi.
13-aprel kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida ta’kidlanishicha, ayol 2019-yilda Kambodjaga besh marta borgan va o‘g‘li qachon hibsga olinganidan xabardor bo‘lgan. Shu bois sud uning noqonuniy mablag‘lar bilan ishlayotganini bilgan deb xulosa qildi.
“Uning harakatlari noqonuniy foydani kuzatishni qiyinlashtirdi va giyohvand moddalar tarqalishiga hissa qo‘shdi, bu esa jinoyatning ijtimoiy xavfliligini oshiradi”, dedi sudya Vi Eun Suk.
Sud hukm chiqarishda ayolning yoshini va muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlanmaganini inobatga oldi.
Oilaviy jinoyat zanjiri
Janubiy Koreya rasmiylari hozirda 60 yoshlardagi Songni Kambodjadan ekstraditsiya qilish choralarini ko‘rmoqda. Seulda chiqadigan Kyunghyang gazetasining yozishicha, Song ushbu jinoyatlarga o‘z qizini ham jalb qilgan bo‘lishi mumkin.
Uning qiziga nisbatan ham 600 million vondan ortiq noqonuniy mablag‘ni qabul qilib olganlik va uning 274 millionini boshqa hisobga o‘tkazganlik aybi bilan jinoiy ish ochilgan edi. Biroq sud uning bu pullar narkosavdodan kelganini bilgani haqida yetarli dalillar yo‘qligi sababli ayolga nisbatan oqlov hukmini chiqardi.








