Serbiya ichki ishlar vaziri Ivitsa Dachich terrorizm tahdidi sababli “qizil” ogohlantirish darajasini e’lon qildi, bu esa odamlar gavjum joylarda xavfsizlik kuchlari sonining sezilarli darajada oshishini nazarda tutadi.
“Ichki ishlar vaziri sifatida terrorizm tahdidi munosabati bilan xavfning ‘qizil’ darajasini e’lon qildim, bu vazirlikning barcha tashkiliy bo‘linmalari rahbarlari terrorizm tahdidi yuzaga kelganda qanday harakat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalarga muvofiq zudlik bilan chora ko‘rishini anglatadi. Fuqarolar nafaqat elchixonalar va davlat idoralarida, balki savdo markazlarida va boshqa odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda ham politsiya xodimlari ko‘payganini ko‘rishadi”, — dedi IIV rahbari.
Eslatib o‘tamiz, kecha bir kishi Isroil elchixonasini qo‘riqlayotgan Serbiya Ichki ishlar vazirligi xodimining bo‘yniga arbalet bilan jarohat yetkazgan, shundan so‘ng u huquq-tartibot organi xodimi tomonidan zararsizlantirilgan. Jarohatlangan huquq-tartibot xodimi Belgrad shifoxonalaridan birining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan va muvaffaqiyatli operatsiya qilingan. Isroil Tashqi ishlar vazirligi diplomatlardan hech biri jabrlanmaganini ma’lum qildi.
Serbiya Ichki ishlar vazirligi rahbari bu terrorchilik harakati ekanini aytdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, hujumni 25 yoshli Serbiya fuqarosi amalga oshirgan.
Izoh (0)