Daryo

O‘zbekistonning 4 oylik eksporti tarkibida oltin ulushi 40 foizdan ortiq bo‘ldi

Yanvar–aprel oylarida 8,5 mlrd dollarlik tovarlar eksport qilingan. Shundan 3,42 mlrd dollari oltindan kelgan

1 daqiqa o‘qish9 996 ko‘rishlar0 izoh0

Joriy yil yanvar–aprel oylarida O‘zbekiston 8,5 milliard dollarlik tovarlar eksport qilgan. Shundan qariyb 3,42 milliard dollari oltin sotuvi hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Foto: Bloomberg.com

2024-yilning dastlabki to‘rt oyida O‘zbekiston 3,42 milliard dollarlik oltin eksport qildi (2023-yil mos davridagidan 11,8 foizga ko‘p). Xususan, mamlakat xorijga fevral oyida 1,3 milliard dollarli (yanvarda oltin sotilmagan), martda 1,3 milliard dollarli, aprelda 800 million dollardan ortiq qiymatdagi oltin sotgan.

O‘tgan 2023-yilning dastlabki to‘rt oyida respublika tomonidan 3 milliard dollarlik oltin eksport qilingandi.

Joriy yil yanvar–aprel oylarida O‘zbekiston umumiy eksporti hajmi 8,5 milliard dollarni tashkil etgan. Eksport tarkibida oltinning ulushi qariyb 40,3 foizga yetgan. Taqqoslash uchun, 2022-yilning dastlabki to‘rt oyidagi eksportning 42 foizi, 2023-yildagisida 39,3 foizi oltin bo‘lgan.

Yillik raqamlarga qaralsa, 2023-yilda respublikaning jami eksporti hajmi 24,4 milliard dollarni tashkil etgandi. Shundan 33,4 foizi, yaʼni 8,1 milliard dollari oltin sotuvi hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston o‘tgan yili oltin sotish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi. Mamlakat yil davomida 25 tonnadan ortiq oltin sotdi. Joriy yil fevralda ham respublika Markaziy banki 12 tonna oltin sotib, ushbu davrda qimmat metall savdosi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi. Oltin xarid qilish bo‘yicha eng katta ulush Xitoy Xalq banki (12 tonna) va Qozog‘iston Milliy banki hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Joriy yilda oltin narxi rekord darajda o‘smoqda. Xususan, mart oyi boshlarida qimmatbaho metallning bir unsiyasi narxi 2141 dollardan, 20-may kuniga kelib esa 2450 dollardan oshgan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar