Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 10-iyun kuni Koreyada “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bosh muhandisi Qodirov Sharofiddin, Transport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Anvar Dushayev hamda Hyundai Rotem kompaniyasi prezidenti Lee Yong Bae o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikning joriy holati va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ uchun ishlab chiqarilayotgan “Jaloliddin Manguberdi” yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdni yetkazib berish loyihasining belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi yuzasidan ma’lumot almashildi.
Shuningdek, Toshkent—Andijon va Toshkent—Termiz yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatini tashkil etish maqsadida 8 ta zamonaviy yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni yetkazib berish loyihasi yuzasidan texnik shartlarni yakuniy kelishish bilan bog‘liq masalalar batafsil muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish hamda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Shavkat Mirziyoyev ferval oyida Surxondaryoda yig‘ilish o‘tgazganida shu masalaga to‘xtalib o‘tilgandi. Toshkent—Termiz yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezd 14 soatdan ko‘p harakatlanishi, koreyalik hamkorlar bilan zamonaviy tezyurar poyezdlar olib kelish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilingandi.
Hyundai Rotem poyezdlari haqida
O‘zbekistonga Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem poyezdlarini yetkazib berish bo‘yicha vazifalar prezidentning 2023-yil 10-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi temiryo‘l transport sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangandi. 2024-yil fevralida Janubiy Koreya prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi o‘rtasida 250 km/soat tezlikka mo‘ljallangan oltita tezyurar poyezdni yetkazib berish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolangandi.
2025-yilning dekabrida Hyundai Rotem poyezdlari birinchi partiyasi Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga jo‘natildi. Unga “Jaloliddin Manguberdi” nomi berilgan.
Prezidentning 391-sonli qaroriga ko‘ra, 2030-yilgacha Respublikaning barcha hududlarini yuqori tezlikda harakatlanuvchi va tezyurar elektropoyezdlar qatnovi bilan qamrab olish maqsad qilingan.








