Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdlarining qatnov jadvaliga vaqtinchalik o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda “Temiryo‘lekspress” axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 11–16-avgust kunlari 752-sonli “Toshkent Yo‘lovchi — Xiva” poyezdi Toshkent Yo‘lovchi bekatidan Urganch bekatigacha amaldagi jadval asosida harakatlanadi.
Shuningdek, 751-sonli “Xiva — Toshkent Yo‘lovchi” poyezdi ham shu davrda Xiva bekatidan emas, Urganch bekatidan yo‘lga chiqadi.
Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida 11–16-avgust kunlari Xiva–Urganch yo‘nalishida zamonaviy avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Yo‘lovchilardan avtobusga ulgurish va Urganchdan poyezdga o‘z vaqtida chiqishni ta’minlash uchun Xiva bekatiga soat 07:00 ga qadar yetib kelish so‘ralgan. Avtobus Xiva bekatidan 07:10 da Urganch tomon harakatlanadi.
Barcha poyezdlarning Urganch bekatidan belgilangan jadval asosida o‘z vaqtida jo‘nab ketishi ta’minlanadi.
Yo‘lovchilardan safarlarini rejalashtirishda mazkur vaqtinchalik o‘zgarishlarni inobatga olish so‘ralgan. “Temiryo‘lekspress” AJ yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.
Aprel oyida Toshkent—Xiva yo‘nalishida “Jaloliddin Manguberdi” nomli yangi yuqori tezlikdagi elektropoyezd chipta narxi bir tomonga 780 ming so‘m bo‘lishi xabar berilgandi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” xabariga ko‘ra, poyezd Toshkent Markaziy vokzalidan soat 07:00 da jo‘nab, Xivaga 14:31 da yetib boradi. Xivadan Toshkentga qaytish reysi esa soat 07:20 da yo‘lga chiqib, 14:51 da poytaxtga yetib keladi.








