Prezident administratsiyasi rahbarining shartnoma asosida jalb qilinadigan maslahatchisi, Prezident administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Allamjonov “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
Komil Allamjonov 2025-yil iyunidan Prezident administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, 2025-yil noyabridan esa administratsiyaning AQSHdagi vakili lavozimida ishlab kelmoqda.
Ushbu davrda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalar faollashdi. Jumladan, ikki davlat prezidentlari so‘nggi bir yil ichida to‘rt marta yuzma-yuz uchrashgan, shuningdek, telefon orqali bir necha bor muloqot qilgan.
Shuningdek, AQSH–O‘zbekiston Ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etildi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHdagi yetakchi kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlari ham o‘tkazildi.
2026-yil 1-yanvardan O‘zbekiston rezidentlarining AQSHda kompaniya tashkil etish yoki Amerika kompaniyalari aksiyalarini sotib olish uchun mamlakatga pul yuborishida hukumat ruxsatini olish talabi bekor qilindi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston rezidentlari xorijiy aktivlarga 153 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritgan. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgi davrga nisbatan 33 baravar ko‘p.
Komil Allamjonov, shuningdek, Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi bo‘yicha maxsus maslahatchisi hisoblanadi.








