Daryo

Komil Allamjonov Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi boʻyicha maxsus maslahatchisi etib tayinlandi

U bir vaqtning oʻzida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning maslahatchisi sifatida ham faoliyatini davom ettiradi.

2 daqiqa o‘qish1 641 ko‘rishlar0 izoh0

Jorj Vashington universiteti huzuridagi Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari instituti (IERES) Markaziy Osiyo dasturi (CAP) janob Komil Allamjonovni dasturning maxsus maslahatchisi etib tayinlanganini eʼlon qildi.

Universitet prezidenti Eller Granbergning shaxsan oʻzi Allamjonovni yangi tayinlov bilan qutlagan.

Komil Allamjonov bir vaqtning oʻzida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning maslahatchisi sifatida ham faoliyatini davom ettiradi.

CAP direktori Sebastyan Peyruz bu tayinlov Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlarni anglash va ularni xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim qadam boʻlishini taʼkidladi.

“Ushbu tayinlov CAPning akademik jamiyat va amaliyotchilar oʻrtasidagi muloqotni rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda keng qamrovli jarayonlarning xolis tahlilini taqdim etish boʻyicha doimiy saʼy-harakatlarini aks ettiradi”, deya taʼkidladi janob Peyruz.

Sebastyan Peyruz Allamjonovning oʻzbek madaniyatini xalqaro miqyosda targʻib qilishdagi roli, ommaviy vositalaridagi faoliyatidan tashqari, Oʻzbekistonda yoʻl harakati xavfsizligini oshirish va taʼlim sifatini yaxshilashga qaratilgan loyihalarda ham ishtirok etganini alohida eʼtirof etgan.

Maʼlumot uchun, Jorj Vashington universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo dasturi (CAP) AQSHdagi eng yirik xalqaro munosabatlar maktabi – Elliott maktabi qoshidagi Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari instituti (IERES) tarkibida faoliyat yuritadi. Dasturning asosiy maqsadi – zamonaviy Markaziy Osiyo boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ekspertlar hamda siyosatchilarni bogʻlovchi koʻprik boʻlish. Shu maqsadda turli siyosiy, akademik, diplomatik va biznes doiralar uchun ochiq muloqot maydoni yaratiladi.

Qamrovi: beshta Markaziy Osiyo respublikasi (Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston), shuningdek Afgʻoniston, Ozarbayjon, Shinjon-Uygʻur avtonomi va Moʻgʻuliston.

Dastur siyosatshunoslik, sotsiologiya, antropologiya, iqtisodiyot, tarix, globalizatsiya va xavfsizlik masalalari kabi turli sohalarni qamrab oladi. Unda turli nuqtayi nazarlar erkin muhokama qilinadi va xalqaro hamkorlikka yoʻnaltirilgan qoʻshma loyihalar amalga oshiriladi.

Markaziy Osiyo dasturi Oʻzbekiston uchun ilmiy, diplomatik va iqtisodiy sohalarda katta imkoniyatlar yaratadi. Dastur Oʻzbekistonga xalqaro tadqiqotlardan foydalanish, yangi ilmiy bilimlar olish va shu orqali mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga yangiliklar kiritish imkonini beradi. Bu dastur, xususan, Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyat bilan, ayniqsa Markaziy Osiyo, AQSH, Yevropa va Rossiya kabi mintaqalar bilan muloqotini kuchaytirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, dastur Oʻzbekistonga xavfsizlik va strategik tadqiqotlar olib borishda yangi ijodiy yoʻnalishlar ochib, mamlakatning ichki siyosatini rivojlantirishga yordam beradi. Tadqiqotlarda turli xil nuqtayi nazarlarni muhokama qilish hamda boshqa mamlakatlar bilan oʻzaro hamkorlik orqali barqarorlik va xavfsizlik masalalarini hal qilish uchun yangi strategik yoʻnalishlar yaratiladi.

Dastur, shuningdek, Oʻzbekistonning yosh tadqiqotchi va diplomatlariga xalqaro standartlar boʻyicha taʼlim olish imkoniyatini beradi va ularning professional rivojlanishini ragʻbatlantiradi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar