O‘zbekistondagi nufuzli bankning mansabdori firibgarlik bilan pul olgani uchun qamoqqa olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yetakchi tijorat banklaridan birining amaliyot boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Toshkent viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi MCHJda viloyat Soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan audit soliq tekshiruvi natijasida aniqlangan 72 mlrd 956 mln so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni mazkur tizimda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali bartaraf qilib berish evaziga 110 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bank mansabdori kelishilgan puldan 30 ming dollarni oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
2026-yilning fevralida Toshkentda bank xodimi boshqa shaxslar bilan til biriktirgan holda MCHJ nomiga 120 ming dollari kredit ajratilishiga erishib, uni onlayn qimorga ishlatib yuborgani xabar qilingandi. 2025-yilning iyunida Farg‘onada “Xalq banki” O‘zbekiston BXM mansabdor shaxslari, O‘zbekiston tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi ikki nafar hokim yordamchisi va ulgurji savdoga ixtisoslashgan MCHJ rahbari soxta hujjatlar asosida boshqa fuqarolar nomiga 153 million so‘m miqdorida maqsadsiz kredit ajratilishiga erishib, ularni naqdlashtirib, talon-toroj qilgani ma’lum bo‘lgandi.
O‘zbekistondagi bank mansabdori 110 ming dollar talab qilgani ortidan qamoqqa olindi
Bu pulni qurilish materiallari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi MCHJda aniqlangan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni tanishlari orqali bartaraf qilib berish evaziga talab qilib, oldindan 30 ming dollar olganida ushlangan.
Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.








