Toshkent shahrida 120 ming dollarni internet tarmoqlaridagi qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinga tikib, talon-toroj qilgan shaxslar fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yashnobod tumani bo‘limi tomonidan tijorat bankining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, Yashnobod bank filialida bo‘lim boshlig‘i vazifasida ishlovchi E.N. “A.” MCHJ mas’ul shaxslari va boshqalar bilan o‘zaro til biriktirib, “B.B.” MCHJga 120 ming AQSH dollari kredit ajratilishiga erishgan.
Keyinchalik soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali kredit mablag‘ini naqdlashtirib olib, 120 ming AQSH dollarini internet tarmoqlaridagi qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga ishlatib, talon-toroj qilishgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Kodeksga ko‘ra, soxtalashtiruvchining o‘zi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni sotishi, shunday maqsadlarda korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash yoxud sotish BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.Aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish esa BHMning 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.








