Toshkentning Yashnobod tumanidagi bankdan bir guruh shaxslar 90 ming dollarni o‘g‘irladi.

IIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, 18-iyun kuni Yashnobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i nomiga “Tenge bank” chakana xizmatlar ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i ariza bilan murojaat qilgan. Unda noma’lum shaxslar tomonidan 90 ming AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari talon-toroj qilinganini bildirgan.
Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida shu kunning o‘zida bir necha shaxslar bank kassasiga mijoz sifatida tashrif buyurib, bank kartasida mavjud 90 ming dollarni naqdlashtirish maqsadida POS-terminalga yolg‘on axborot kiritish yo‘li bilan shuncha pulni olib ketgani aniqlangan.
Zudlik bilan tezkor-texnik tadbirlar amalga oshirilib, ushbu xatti-harakatlarni sodir etgan jinoiy guruhning barcha a’zolari qo‘lga olingan.
“Bank xodimidan kelishgan holda, bankka kirib, 90 000 AQSH dollarini programma orqali yechib oldik”, degan ushlanganlardan biri.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 12 dona telefon apparati, POS-terminal, 9 dona bank kartalari, 1 670 000 so‘m va 36 495 dollar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Jami 9 nafar shaxs Jinoiy-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Ayni paytda holat yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
2018-yilda Toshkentda bankdan salkam 90 ming dollar o‘g‘irlagan “xaker” qo‘lga olingan edi. 2022-yilda O‘zbekistonlik xaker xorijiy banklardan 50 million dollar o‘g‘irlagandi. 2024-yil iyulida Toshkentda bankdan 370 milliard so‘m o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan kiberjinoyatchilar ushlangandi.
Izoh (0)