Hyundai Rotem O‘zbekistonga yuqori tezlikdagi poyezdlarining birinchi partiyasini jo‘natdi, deb xabar bermoqda Transport vazirligi.
Janubiy Koreyaning Changvon shahridagi Masan portida O‘zbekiston uchun ishlab chiqarilgan Hyundai Rotem yuqori tezlikdagi poyezdlari birinchi partiyasini rasmiy jo‘natish marosimi bo‘lib otdi.
Marosimda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi, Koreya hukumati vakillari va Hyundai Rotem rahbarlari ishtirok etdi.
“Jaloliddin Manguberdi” nomi berilgan O‘zbekistonning yangi yuqori tezlikdagi temir yo‘l parkining birinchi poyezdi Hyundai Rotem tomonidan O‘zbekiston temir yo‘llari bilan 2024-yil iyun oyida imzolangan shartnoma doirasida ishlab chiqarildi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan 6 ta tezyurar harakat tarkibi sotib olinishini aytgandi. Ularning ilk partiyasi 2025-yilning dekabridan O‘zbekistonga kela boshlashi xabar qilingandi. Ushbu poyezdlardan birinchisi kelgusi yilda Toshkent—Urganch—Xiva yo‘nalishida qatnovga qo‘yiladi. Bu orqali yo‘nalishda yo‘l vaqti hozirgi 14 soatdan 7,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.
Hyundai Rotem poyezdlari haqida
O‘zbekistonga Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem poyezdlarini yetkazib berish bo‘yicha vazifalar prezidentning 2023-yil 10-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi temiryo‘l transport sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgandi. 2024-yil fevralida 6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi shunday elektropoyezdlarni yetkazib berish istiqbollari muhokama qilingandi.
Janubiy Koreya prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi o‘rtasida 250 km/soat tezlikka mo‘ljallangan oltita tezyurar poyezdni yetkazib berish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolangandi.








