Oʻzbekistonda 2026-yil yanvar-may oylarida gaz, neft va koʻmir qazib olish hajmi kamaydi. Avtomobil, benzin va dizel ishlab chiqarishda esa oʻsish kuzatildi.
Statistika qoʻmitasi tahliliga koʻra, mamlakatda besh oyda 505,9 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu koʻrsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 7,9 foizga koʻp.
Qazib olishda pasayish
Yanvar-may oylarida respublikada 15,8 milliard metr kub tabiiy gaz qazib olindi. Bu oxirgi toʻqqiz yillikning dastlabki besh oylaridagi eng past koʻrsatkich sanaladi. 2017-yildan 2025-yilgacha boʻlgan davrning har yanvar-may oylaridagi gaz qazib olishga oid raqamlar quyidagicha shakllangan:
- 2017-yil — 23 mlrd metr kub;
- 2018-yil — 25 mlrd metr kub;
- 2019-yil — 25,9 mlrd metr kub;
- 2020-yil — 21,4 mlrd metr kub;
- 2021-yil —22,4 mlrd metr kub;
- 2022-yil —19,8 mlrd metr kub;
- 2023-yil — 19,4 mlrd metr kub;
- 2024-yil — 18,9 mlrd metr kub;
- 2025-yil — 18,4 mlrd metr kub.
Joriy yilning dastlabki besh oyida mamlakatda 1,6 million tonna koʻmir qazilgan. Bunda koʻrsatkich oʻtgan yil mos davriga nisbatan 900 ming tonnaga kamaygan.
Neft qazib olishda ham qisqarish davom etgan. Yanvar-may oylarida 261,9 ming tonna neft qazilgan. Taqqoslash uchun, 2025-yil mos davrida bu koʻrsatkich 270,8 ming tonna boʻlgan.
Avtomobil va yonilgʻi sanoati oʻsishda davom etdi
Besh oy davomida mamlakatda 502,2 ming tonna avtomobil benzini (oʻsish 10 ming tonna), 476,4 ming tonna dizel (oʻsish 36,4 ming tonna) ishlab chiqarildi.
Hisobot davrida yengil avtomobillar sanoati bilan bogʻliq koʻrsatkich sezilarli oʻsishga erishgan. Joriy yilning dastlabki besh oyida mamlakatda 190 ming 480 dona avtomobil ishlab chiqarilgan boʻlib, bu 2025-yil mos davriga nisbatan 19 ming 269 taga koʻp.
Eng koʻp ishlab chiqarilgan mashina rusumi doimgidek Cobalt boʻlgan — 69 ming 302 dona (13 ming 398 taga ortgan). Keyingi oʻrinlarni 35 ming 269 dona bilan Damas (3 ming 484 taga kamaygan), 18 ming 519 dona bilan Tracker (440 taga kamaygan) egallagan.
Yanvar-may oylarida respublikada 36,16 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu koʻrsatkich 2025-yilning mos davri bilan solishtirilganda 3,1 foizga oshgan.








