Statistika qoʻmitasi 2025-yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston sanoatida oʻsish kuzatilganini maʼlum qildi. Masalan, togʻ-kon, energetika va avtomobil ishlab chiqarishda natijalar yaxshilangan.
Poytaxt yetakchi
2025-yilda respublikada jami 1,1 kvadrillion soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu 2024-yilga nisbatan 6,8 foiz oʻsish degani. Sanoat mahsulotlari hajmining eng katta ulushi Toshkent shahri (207,3 trillion soʻm), Navoiy (195,2 trillion soʻm) va Toshkent (170,3 trillion soʻm) viloyati hissasiga toʻgʻri kelgan.
Hisobotda 2026-yil 1-yanvar holatiga koʻra, mamlakatda 59,8 mingta sanoat korxonasi faoliyat yuritayotgani qayd etilgan.
Gaz boʻyicha ikki xil raqam
Statistika qoʻmitasining maʼlum qilishicha, 2025-yilda respublikada 42,3 milliard metr kub tabiiy gaz qazib olingan. Bunda raqamlar 2024-yildagidan 1 milliard metr kubga oʻsgani koʻrsatilgan. Ammo qoʻmitaning bir yil avval eʼlon qilgan hisobotida 2024-yilda 44,6 milliard metr kub gaz qazib olingani yozilgandi. Yaʼni bir yil ichida gaz qazib olishga oid ikki xil rasmiy raqam qayd etilgan. Qoʻmita bu farqqa izoh bermagan. Agar yangi maʼlumotlar toʻgʻri boʻlsa, oldingi hisobotda 2024-yil koʻrsatkichlariga 3,3 milliard metr kub gaz qoʻshib yozilgan boʻlib chiqadi. Bu yillik qazib olishning 8 foizi yoki bir oylik hajmga teng raqam hisoblanadi.
Benzin kamaydi, elektr koʻpaydi
2025-yilda mamlakatda 1,2 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan. Bu 2024-yildagidan 87 tonnaga kam.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish doimgidek oʻsish trendini saqlab qolgan. Oʻtgan yili jami 84,8 milliard kVt soat elektr toki ishlab chiqarilgan (bir yil oldingidan 3,3 milliard kVt soat koʻp).
Oʻz navbatida 8,9 million tonna koʻmir (2024-yilda 8,2 million tonna) qazib olingan, yana 1,1 ming tonna dizel (bir yil ilgari 976,3 tonna) ishlab chiqarilgan.
Qoʻmita har galgidek Oʻzbekistonning asosiy sanoat mahsulotlaridan bir boʻlgan oltinga oid maʼlumotlarni eʼlon qilmagan.
Avtomobil sanoatida nima gap?
2025-yilda mamlakatda 457,9 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu 2024-yildagidan deyarli 29 mingtaga koʻp. Son jihatdan Cobalt hanuz yetakchi, ammo mazkur modelni ishlab chiqarish hajmi 3 735 donaga kamaygan. Damas ishlab chiqarishi ham pasaygan. UzAutoMotors avtomobillari orasida faqatgina Tracker modeli oʻsish koʻrsatgan.
Eng katta sakrash esa xorijiy brendlarda:- BYD — 20 200 dona avtomobil (5 baravar oʻsish);
- Haval — 9 344 dona 3 baravar oʻsish;
- Chery va KIA ham ishlab chiqarish hajmini oshirgan.








