O‘zbekiston fuqarolariga haj ziyorati uchun 2026-yilda 15 mingta kvota ajratildi. Bu haqda “Daryo” so‘roviga ko‘ra O‘zbekiston musulmonlari idorasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Idora bergan axborotga ko‘ra, bu yil bir kishi uchun haj ziyoratining narxi 77 mln 73 ming so‘mni tashkil etadi. 2026-yilgi haj mavsumi 2-maydan boshlanib, har kuni Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi. Ziyoratchilar 9 ta hudud — Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi aeroportlardan Madina shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri uchadi.
Ularni Madina shahriga yetkazish Saudiya Arabistonining FlyAdeal aviakompaniyasi tomonidan, vatanga qaytarish esa Uzbekistan Airways tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston fuqarolari uchun avvalgi haj kvotalari va narxlari
2023-yilda O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 15 ming nafar etib belgilangandi. 2024 va 2025-yilda ham bu ko‘rsatkich 15 ming kishini tashkil etgandi.
2019-yilda O‘zbekistonda bir kishining hajga borib kelishi 33,3 mln so‘mdan (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 3879 dollar) tushgan. 2022-yilga kelib haj ziyorati narxi keskin — deyarli ikki baravar oshgan va bir kishilik to‘lov 62 million 900 ming so‘m (o‘sha davr kursida 5 744 dollar) etib belgilangan. 2023-yilda bu qiymat 68 million 760 ming so‘mni tashkil etgan (o‘sha davr kursida 6 000 dollar). 2024-yilda O‘zbekistonda haj safari narxi yanada qimmatlab, 73 million 970 ming so‘mga (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 5 813 dollarga)yetgan. 2025-yilda bu narx 78 million 670 ming so‘mga teng bo‘lgan.
O‘zbekistonliklar Markaziy Osiyo xalqlari orasida haj ziyorati uchun eng ko‘p pul sarflaydi. “Daryo” qo‘shni davlatlar hamda aholisining asosiy qismi musulmon bo‘lgan davlatlardagi haj ziyorati uchun taklif etilayotgan narxlarni taqqoslab maqola e’lon qilgandi.








