O‘zbekistonda 2026/27-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalarida davlat stipendiyalari kvotalari e’lon qilindi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 02/10-5795-sonli xati bilan 2026/27-o‘quv yili uchun respublikadagi oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlari kesimida davlat stipendiyalari kvotalari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, yangi o‘quv yilida iqtidorli talabalar uchun jami 776 ta prezident va nomli davlat stipendiyasi ajratiladi.
Stipendiyalar quyidagicha taqsimlangan:
- prezident stipendiyasi — 187 ta;
- Islom Karimov stipendiyasi — 194 ta;
- Navoiy stipendiyasi — 175 ta;
- Bobur stipendiyasi — 51 ta;
- Imom al-Buxoriy stipendiyasi — 44 ta;
- Beruniy stipendiyasi — 38 ta;
- Ibn Sino stipendiyasi — 33 ta;
- Abdulla Avloniy stipendiyasi — 16 ta;
- Ulug‘bek stipendiyasi — 13 ta;
- To‘lepbergen Qaipbergenov stipendiyasi — 11 ta;
- Ibroyim Yusupov stipendiyasi — 11 ta;
- Pahlavon Mahmud stipendiyasi — 3 ta.
Mazkur stipendiyalar respublika bo‘yicha yuqori bosqichlarda tahsil olayotgan 335 471 nafar talaba orasidan o‘qishdagi yuqori natijalari, ilmiy va jamoatchilik faoliyati bilan ajralib turgan eng munosib nomzodlarga beriladi.
Nomli davlat stipendiyalarini tayinlash tartibiga o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, 2026/27-o‘quv yilidan boshlab nomli davlat stipendiyalariga talabgorlarning axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi hamda xorijiy tillar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan hududlar kesimida o‘tkaziladigan maxsus test sinovlari orqali baholanadi.
O‘zbekistonda 2026/27-o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda dual ta’lim shaklida o‘qiyotganlarga ham stipendiya to‘lash boshlanadi. Vazirlar Mahkamasining 30-iyundagi qarori bilan uni to‘lash tartibi belgilangandi.








