Technovation Girls — O‘zbekistondagi qizlar uchun mo‘ljallangan eng yirik STEM dastur hisoblanadi. Tanlov finalida 88 ta IT-loyiha taqdim etildi. Jamoalar ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal qilishga qaratilgan loyihalari uchun mukofotlar bilan taqdirlandi. Tanlovning texnologik hamkori — Yandex Uzbekistan kompaniyasi bo‘ldi.
31-may kuni Toshkentda har yili “Tech4Impact” NNT tomonidan tashkil qilinadigan “Ayollar fan va texnologiyalar sohasida” Haftaligi doirasida “Girls in STEM Day”, “STEM sohasida qizlar kuni” bo‘lib o‘tdi. Tadbirda dasturning 4 oyi davomida ishtirokchi qizlar va mentorlarning faol ishtirokiga yakun yasaldi.
Bu yil sun’iy intellekt (SI) texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan loyihalar sonining ko‘pligi tanlovning o‘ziga xos xususiyatiga aylandi. Qizlar ko‘chalarda ayollar xavfsizligi, ekologiya (Toshkentda havoning ifloslanishi va daraxtlar kesilishi) bo‘yicha mobil va veb-ilovalarni, o‘rgatuvchi o‘yinlarni, kattalarning xavfli yomon niyatlarini tanib olishga yordam beradigan bolalar uchun ilovalarni, ko‘zi ojiz va kar odamlarga yordam beradigan ilovalarni, avtomobillar parkovkasini tartibga solish bo‘yicha loyihalarni, kiberfiribgarlik va kiberbulling muammolarini hal qiluvchi ilovalarni va boshqa ko‘plab qiziqarli va kreativ loyihalarni ishlab chiqishdi.
Shuningdek tadbirda Markaziy Osiyoning mamlakatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan "Technovation” koordinatorlari va mentorlarining uchrashuvi o‘tkazildi. Ular o‘z mamlakatlarida “Technovation” dasturini o‘tkazish tajribasi va qizlar uchun imkoniyatlar haqida gapirib berishdi.
Qizlarning ko‘pchiligi uchun “Technovation” dasturida qatnashish – bu IT va STEM sohalarini o‘rganish tomon birinchi qadam. Xususan, ishtirokchi qizlar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, qizlar “Technovation” tanlovida qatnashganidan keyin texnologiyalarni yaxshiroq tushuna boshlaydi, AI (sun’iy intellekt) ishini o‘rgana boshlaydi, o‘zlariga bo‘lgan ishonchi ortadi, jamoada ishlashlari mumkin, tanqidiy fikrlaydi, yetakchilik va o‘z hamjamiyatlarida muammolarni hal qilish ko‘nikmalariga ega bo‘ladi.
«Bugungi kunda yurtimizda inson kapitali rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bu masalaga katta ahamiyat berilayotgani barobarida, bu jarayonda qizlar va ayollarning o‘rni alohida ta’kidlanmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish va moliyaviy mustaqillikka erishishda muhim omilga aylanmoqda. Texnologiyalar yosh mutaxassislar uchun xalqaro IT-kompaniyalarda faoliyat yuritishdan tortib, shaxsiy startaplarni yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan keng imkoniyatlarni ochib bermoqda.
Technovation Girls dasturi ta’lim va mentorlik ko‘magi orqali qizlar jamiyat uchun muhim g‘oyalarni zamonaviy raqamli vositalar, jumladan sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda texnologik yechimlarga aylantira olishi mumkinligini yaqqol namoyon qilmoqda.
Raqamli texnologiyalar vazirligi yoshlarda talab yuqori bo‘lgan kompetensiyalar va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Biz ishonamizki, bunday loyihalar yoshlarni mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirib kelishini ta’minlash bilan birga, mamlakatimizdagi raqamli transformatsiya jarayonlarining faol ishtirokchisiga aylanishiga xizmat qiladi», — deya ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirining maslahatchisi Kamola Sobirova.
Biz ishtirokchilardan dastur davomida loyiha ustida ishlash davrida nimalarni o‘rganishgani haqida gapirib berishlarini so‘radik.
«Biz “Technovation Girls” doirasida eshitish qobiliyati buzilgan odamlarni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan ilovani ishlab chiqdik. Biz foydalanuvchilar uchun xarita, kompas, tovushni tanib olish, matnni nutqqa aylantirish hamda vibratsiya va fonus orqali shoshilinch signallar kabi foydali funksiyalarni yaratish maqsadida ularning real ehtiyojlarini o‘rgandik. Ushbu tajriba bizni empatiya bilan ishlashga, qarorlarni butun jamoa bilan qabul qilishga v g‘oyalarni real ishlaydigan yechimlarga aylantirishga o‘rgatdi. Biz, texnologiyalar – bu nafaqat kod, balki odamlarga yordam berish usuli ekanini tushundik», - deydi toshkentlik jamoa vakili.
Technovation Girls — qizlar uchun xalqaro texnologik tanlov, u har yili dunyoning 100 dan ortiq davlatida o‘tkaziladi. Tanlovning maqsadi ishtirokchi qizlarga “moslashuvchan” ko‘nikmalarni berish, qizlarni IT-texnologiyalarga, IT sohasidagi biznes va tadbirkorlikka qiziqtirishdan iborat.
12 haftalik dastur marketing, dasturlash, biznes-rejani tayyorlash, videomeyking va taqdimot ko‘nikmalari bo‘yicha o‘rgatuvchi modullarni o‘z ichiga olgan. Treninglar va seminarlar Andijon, Namangan, Nukus, Toshkent, Farg‘onada hamda onlayn tarzda boshqa hududlarda o‘tkazildi. Qizlar texnologiyalar yordamida ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal qilishni o‘rganishdi hamda BMTning Barqaror Rivojlanish Maqsadlari bilan bog‘liq sohalarda innovatsion mobil ilovalarni yaratishdi.
«Hamkorlarning ko‘magi tufayli “Technovation Girls” tanlovining joriy mavsumida O‘zbekistonning 8 ta hududidan ko‘plab qizlarni jalb qilishga muvaffaf bo‘ldik. 88 ta jamoa ijtimoiy muammolarni hal qilishga yo‘naltirilgan mobil ilovalarni ishlab chiqishdi, bu loyihalarning aksariyati to‘laqonli startaplarga aylanish salohiyatiga ega. Jamoalarning har birining ortida qizlar va mentorlarning tirishqoqlik bilan ishlashi, o‘z hamjamiyatlaridagi dolzarb xatarlarni chuqur tadqiq qilish yotibdi. Dastur ishtirokchi qizlarning ko‘pchiligini o‘zlarining hayotiy rejalarini qayta ko‘rib chiqishga hamda IT va STEM-yo‘nalishlariga jiddiy qiziqishga ilhomlantirdi. Biz o‘z bilimlari bilan o‘rtoqlashgan, jamoalarni qo‘llab-quvvatlagan mentorlarga, o‘z qizlarining intilishlarini qo‘llab-quvvatlayotgan ota-onalarga samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz», – deya qayd etadi “Tech4Impact” NNT direktori Saida Yusupova.
«“Technovation Girls” — bu qizlarga o‘zlarini IT sohasida namoyon qilishga, o‘z kuchlariga bo‘lgan ishonchni his qilishga hamda texnologiyalar – bu real o‘zgarishlar vositasi ekanini ko‘rishga yordam beradigan muhim tashabbus. Bu yil dasturda 1500 dan ortiq qiz qatnashdi, ulardan 329 nafari o‘z loyhalarini yaratdi. Tanlovning har bir bosqichida ularni “Yandex” xodimalaridan iborat 31 nafar mentor qo‘llab-quvvatlab turdi. Shuningdek, biz mamlakatdagi ta’lim dasturlari va mahalliy IT-hamjamiyatni rivojlantirish orqali ushbu kasbda ilk qadamlarni tashlashga yordam beryapmiz», — deydi “Yandex Uzbekistan” rahbari Izzat Shukurov.
Shuningdek, 31-may kuni o‘tkaziladigan bayram tadbirining dasturi bo‘yicha:
- “Technovation Girls” tanlovining (8–18 yoshli qizlar) Toshkent, Andijon, Guliston, Namangan, Nukus, Samarqand, Urganch va Farg‘ona jamoalari o‘z loyihalari ustidagi faoliyat natijalarini namoyish qilishdi, ko‘rgazma stendlarida ijtimoiy mobil ilovalarni taqdim etishdi.
- “Technovation Girls” tanlovining 15 ta jamoasi tadbir hamkorlarining mavzuli nominatsiyalarida mukofotlandi (nominatsiyalar orasida – sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, xavfsiz shahar mavzusi, gender tengligi, ekologiya, ta’lim va madaniyat, sog‘liqni saqlash, teng imkoniyatlarni taqdim etish).
Uchrashuv “Technovation Girls 2025” tanlovining barcha ishtirokchilari v mentorlariga mukofotlar va sertifikatlarni topshirish marosimi bilan yakunlandi.
3-iyun kuni “Technovation Girls” tanlovining xalqaro hakamlari xalqaro tanlovda O‘zbekistondan qatnashishni davom ettiradigan bir nechta jamoani aniqlaydi.
2023-yilda Kremniy vodiysida (AQSh) o‘tkazilgan xalqaro finalda O‘zbekistonning "Tecnas” jamoasi maktablar uchun VR-laboratoriyalar ilovasi bilan xalqaro tanlovning finaliga o‘tib, budun dunyodan qatnashgan 2500 dan ortiq jamoa orasidan eng yaxshi 12 ta jamoa qatoridan o‘rin olgandi. Jamoa o‘z loyihasini Kaliforniyada taqdim etib, “Social Impact Award” nominatsiyasida (bu ijtimoiy muammolarni hal qilishga hissa qo‘shadigan eng yaxshi “Technovation” loyihasi uchun mukofot) g‘olib chiqdi.
“Technovation Girls Uzbekistan 2025” jamoalarining barcha videolari va loyihalari ushbu saytda taqdim etilgan: http://technovation.uz/allprojects2025
Ma’lumotnoma:
- 2016-2025 yy.da “Technovation Uzbekistan” dasturida 446 ta jamoa finalgacha yetib bordi, unda O‘zbekistonning 9 ta hududidan 800+ mentor va 6500+ ishtirokchi qiz qatnashdi.
- 2023 va 2018 yillarda O‘zbekiston jamoalari o‘z loyihalarini Kremniy vodiysida (AQSh) taqdim etdi (“Tecnas” senior-jamoasi 2023-yilda va “Generation Z” junior-jamoasi 2018-yilda).
- 2021-yilda O‘zbekistonning “IT-Ladies” jamoasi Osiyoda mintaqaviy g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)