Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich bir necha haftadan so‘ng iste’foga chiqishini eʻlon qildi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
“Menga prezidentlikdan hech qachon ketmasligimni aytishgandi, bu mening respublika prezidenti sifatidagi so‘nggi kunlarim va haftalarim. Yana bir necha hafta prezident bo‘laman, keyin esa iste’foga chiqaman”, dedi Vuchich 27-iyun kuni o‘z tarafdorlari oldida bo‘lib o‘tgan mitingda.
U Serbiyada bo'lib o'tadigan parlament saylovlarida ishtirok etish niyatida ekanini bildirdi. Aprel oyida Vuchich parlamentga muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga tayyorligini aytgandi. Ovoz berish kuzda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
O‘tgan oylarda Serbiya prezidenti o‘z lavozimini tark etishi mumkinligini bir necha bor ta'kidladi. Uning vakolatlari rasman 2027-yilda tugaydi. Konstitutsiyaga ko‘ra, bir shaxs ikki muddatdan ortiq prezident bo‘lishi mumkin emas. Vuchich “diktator emasligi” va Konstitutsiyani o‘zgartirmasligini aytgandi.
Serbiyaning amaldagi prezidenti Rossiya tarafdori hisoblanadi. 2025-yilning may oyida u Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keng ko'lamli urush boshlanganidan beri birinchi marta Moskvaga keldi va 9-may paradida ishtirok etdi. Serbiyada 2024-yilning noyabr oyidan beri talabalarning ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishchilar mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni talab qilmoqda.








