Vengriya 8-sentyabr kuni 10 nafar rossiyalik diplomatni mamlakatdan haydaganini ma’lum qildi. Rasmiylar ularning xatti-harakatlari diplomatik maqomiga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi. Bu sobiq bosh vazir Viktor Orbanning Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi siyosati tugaganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Interfaks agentligiga ko‘ra, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu javobsiz qolmasligini va javob Vengriya uchun og‘riqli bo‘lishini bildirgan.
Viktor Orban 16 yillik boshqaruvdan so‘ng aprel oyida hokimiyatdan ketgan. U 2022-yil fevral oyida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin ham Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqalarni saqlab qolgandi.
Orbanning rahbarligi davrida Vengriya Rossiyadan neft va gaz sotib olishda davom etdi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarini kechiktirdi hamda Ukrainaga ajratiladigan 90 milliard yevrolik (97 milliard dollar) kreditni to‘xtatib turdi.
Urush boshlanganidan keyin ko‘plab Yevropa davlatlari o‘nlab rossiyalik diplomatlarni chiqarib yubordi. Vengriya esa birortasini ham haydamagandi. Mamlakat 2018-yildan beri biror kishini ochiqchasiga ortiga qaytarmagan edi.
Vengriya tashqi ishlar vaziri Anita Orban (u sobiq bosh vazirga qarindosh emas) bayonot berdi. Unga ko‘ra, chiqarib yuborilayotgan diplomatlar Vena konvensiyasiga zid faoliyat olib borgan.
“Bu qaror Rossiya bilan diplomatik munosabatlarni uzishni anglatmaydi. Vengriya zarur muloqotni davom ettirmoqchi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Yangi bosh vazir Peter Madyar va uning o‘ng-markazchi hukumati doimiy ravishda mamlakatning asosiy ittifoqchilari Yevropa Ittifoqi hamda NATO ekanini ta’kidlamoqda. Yangi hukumat Viktor Orban davrida yo‘qolgan ishonchli munosabatlarni qayta tiklamoqchi.
May oyidagi parlament eshituvida Anita Orban Rossiya hamkor bo‘lib qolishini aytgan edi. Biroq unga ko‘ra, munosabatlar bir tomonlama qaramlikka asoslanmasligi kerak. Shuningdek, u Rossiya siyosati Vengriya va Yevropa xavfsizligiga xavf tug‘dirishini qo‘shimcha qilgan.
Avgust oyida Vengriya qonun chiqaruvchilari Oliy sudning sobiq rahbari Andras Bakani mamlakatning yangi davlat rahbari etib tasdiqlagani haqida xabar berilgandi. U sobiq bosh vazir Viktor Orban davrida lavozimidan bo‘shatilgan va uning ashaddiy tanqidchisi hisoblanadi. Bu orqali hukumat Orbanning davlat idoralaridagi ta’sirini kamaytirish ko‘zlagan.








