Vengriya bosh vaziri Peter Madyar tarixdagi eng kuchli shaxmatchi deb topilgan Yudit Polgarni mamlakat prezidenti lavozimiga taklif qildi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Madyar 20-iyul kuni Polgar bilan uchrashib, prezidentlik lavozimi borasida muhokama olib borgan.
“Mamlakatimizga birlik, tinchlik va barcha vengerlar faxrlanadigan prezident kerak. Yudit Polgar nomi o‘nlab yillar davomida iste’dod va qat’iyatning sinonimi bo‘lib kelgan”, deb yozdi Madyar uchrashuv borasida.
Ammo Polgar bo‘lingan xalqni birlashtirish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olish uchun yetarli kuch sezmayotganini aytib, taklifni rad etgan. Vengriya prezidenti Tamash Shuyok 18-iyul kuni o‘z vakolat muddatini tugatishni nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy tuzatishni imzolagandi. Tegishli tuzatish bosh vazir Peter Madyarning hukmron “Tisa” partiyasi tomonidan qabul qilindi. Ular prezident jamiyatning jiddiy ishonchini yo‘qotganini aytdi. Shuyok esa qonunni hurmat qilgani uchun uni tasdiqlashdan boshqa chorasi qolmaganini bildirdi.
“Tiranlik endi tahdid emas, balki haqiqatdir. Agar prezidentga shunday qilish mumkin bo‘lsa, ertaga hech kim xavfsiz bo‘lmaydi”, deya sobiq bosh vazir Viktor Orban o‘zgartirishni qoraladi.
Madyar yetakchiligidagi “Tisa” partiyasi 12-aprel kuni bo‘lib o‘tgan saylovda mutlaq g‘alaba qozongandi. Partiya yetakchisi bir necha bor Shuyokni iste’foga chiqishga chaqirgan va uni Orban (sobiq bosh vazir)ning “qo‘g‘irchog‘i” deb atagan.
Polgarni ilgari surish g‘oyasini dastlab 16 nafar taniqli venger, jumladan, kubik rubikni ixtiro qilgan Erno Rubik ochiq xat orqali taklif qilgandi. Bir necha kundan so‘ng 50 yoshga to‘ladigan Polgar Budapeshtda tug‘ilgan va 25 yil davomida — 2014-yilda faoliyatini yakunlagunga qadar FIDE ayollar reytingida birinchi o‘rinni egallab kelgan. 15 yoshida u Bobbi Fisherning 1958-yilgi rekordini yangilab, dunyoning eng yosh grossmeysteriga aylangandi. Uning g‘alabalari orasida erkin shaxmatchilar o‘rtasidagi bir necha jahon chempionlariga, jumladan, 2002 yilda Garri Kasparovga qarshi partiyalar ham bor.








