Daryo

Viktor Orbanning ijtimoiy tarmoqlardagi kontentiga 11 mln yevro sarflangani aniqlandi

Vengriya bosh vaziri idorasi 3,5 yil davomida byudjetdan shuncha mablag‘lar sarflangani yuzasidan organlarga shikoyat qildi.

1 daqiqa o‘qish4 109 ko‘rishlar0 izoh0

Vengriya sobiq bosh vaziri Viktor Orbanning ijtimoiy tarmoqlaridagi surat va videolarni tayyorlashga 3,5 yil davomida qariyb 11 million yevro sarflangani ma’lum bo‘ldi. Vengriyaning amaldagi bosh vaziri Peter Madyar idorasi ortiqcha sarf-xarajatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat qildi.

Kontent yaratish bo‘yicha davlat shartnomasini Orbanning matbuot kotibi Fanni Kaminskiga tegishli Triton Communications kompaniyasi qo‘lga kiritgan. 2022-yilda tuzilgan shartnoma qiymati keyinchalik to‘rt baravarga oshirilgan.

Bir oy davomida kompaniya 411 ta fotosurat va 21 daqiqalik video tayyorlagan. Bu davlat byudjetiga 63 million forint (170 ming yevro)ga tushgan. Xizmatlar narxi kamida uch baravarga oshirib ko‘rsatilgan.

“Bundan tashqari, 2026-yilgi shartnoma doirasida yaratilgan kontentning aksariyati bosh vazir faoliyati haqidagi reportajlardan ko‘ra saylovoldi tashviqoti materiallariga ko‘proq o‘xshaydi”, deyiladi hukumat bayonotida.

Peter Madyar boshchiligidagi “Tisa” partiyasi Vengriyada aprel oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozonib, Viktor Orban va “Fides” partiyasining 16 yillik boshqaruviga chek qo‘ydi. Madyarning asosiy va’dalaridan biri avvalgi hukumatning korrupsiyasi sabab yo‘qotilgan davlat mablag‘larini qaytarish edi. Iyul oyida Aktivlarni qaytarish milliy agentligi tashkil etildi.

May oyida politsiya mablag‘larni maqsadsiz sarflash va pul yuvish bo‘yicha tergov doirasida media magnat Dyula Balashining aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Uning kompaniyalari avvalgi hukumat davrida davlat shartnomalarini qo‘lga kiritgan va o‘n yil davomida Viktor Orbanning saylovoldi kampaniyalarini ishlab chiqqan. Xususan, ular Orbanning aprel oyidagi saylovlar uchun tayyorlangan antiukrain kampaniyasini ishlab chiqqan.

Ma’lumot o‘rnida, 11-avgust kuni Vengriya Oliy sudining sobiq rahbari Andras Baka prezident etib tasdiqlandi. U Viktor Orban davrida lavozimidan bo‘shatilgan va uning ashaddiy tanqidchisi hisoblanadi. 

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar