Daryo

“Agar islohot qilinmasa, Yevropa Ittifoqi 25 yildan keyin yo‘q bo‘lishi mumkin” — Viktor Orban

Vengriya sobiq bosh vazirining fikricha, o‘z vaqtida faoliyatini to‘xtatgan yoki tubdan o‘zgargan boshqa xalqaro tashkilotlar singari, Yevropa Ittifoqi ham yaqin yillarda o‘zini yangilay olmasa, yo‘qolishi yoki butunlay boshqa shaklga kirishi mumkin.

2 daqiqa o‘qish5 620 ko‘rishlar0 izoh1

Vengriyaning sobiq bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqi zarur islohotlarni amalga oshirmasa, yaqin 25 yil ichida bugungi ko‘rinishda mavjud bo‘lmay qolishini aytdi. Bu haqda u Ruminiyada o‘tkazilgan an’anaviy “Tusvanyosh” yozgi siyosiy lageridagi dasturiy nutqi davomida ma’lum qildi.

Orbanning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi hozirgi holatida 
uzoq muddat faoliyat yurita olmaydi.
Uning fikricha, o‘z vaqtida faoliyatini to‘xtatgan yoki tubdan o‘zgargan boshqa xalqaro tashkilotlar singari, Yevropa Ittifoqi ham yaqin yillarda o‘zini yangilay olmasa, yo‘qolishi yoki butunlay boshqa shaklga kirishi mumkin.

“Moslasha olmagan yo‘qoladi. Mening bugungi kuzatuvimga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi moslasha olmayapti. Men uning yo‘q bo‘lib ketishini istamayman. Aksincha, u o‘zgarishini, Vengriya bu jarayonda muhim rol o‘ynashini va natijada g‘olib bo‘lishimizni xohlayman. Ammo bugungi vaziyatga xolis baho beradigan bo‘lsak, Yevropa Ittifoqi o‘zini isloh qila olmayotgandek ko‘rinadi. Shu sababli uning kelajagiga katta umid bilan qaray olmayman”, — dedi Orban.

Jurnalistlar undan kelajakda Yevropa komissiyasi raisi lavozimini egallashga rozi bo‘ladimi, deb so‘raganida, Orban bunday lavozimning o‘zi bekor qilinishi kerakligini aytdi. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqi chuqur islohotlarga muhtoj, Yevrokomissiyaning haddan tashqari keng vakolatlari esa cheklanishi lozim.

Orban buni faqat o‘zi mansub bo‘lgan “Yevropa uchun vatanparvarlar” (Patriots for Europe) siyosiy guruhi Bryusselda hokimiyatni qo‘lga kiritgan taqdirdagina amalga oshirish mumkinligini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu orqali Bryussel byurokratiyasi foydasiga buzilgan muvozanat tiklanadi va a’zo davlatlarning roli kuchayadi.

Sobiq Vengriya bosh vaziri Yevropa Ittifoqidagi muammolar 2015-yildan boshlanganini ham qayd etdi. Uning fikricha, o‘sha paytda Yevropa komissiyasiga rahbarlik qilgan Jan-Klod Yunker davrida komissiya shartnomalar ijrosini nazorat qiluvchi va huquqiy muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanuvchi organ maqomidan chiqib, siyosiy institutga aylangan.

Viktor Orban faoliyatining so‘nggi yillarida Yevropa Ittifoqining Rossiyaga nisbatan siyosati, migratsiya masalasi va Bryussel siyosatini muntazam tanqid qilib kelgan. U Yevropa Ittifoqida keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazilmasa, tashkilotning uzoq muddatli istiqboli xavf ostida qolishini bir necha bor ta’kidlagan.

Orbanning partiyasi joriy yilning 12-aprel kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida mag‘lub bo‘ldi. Natijada 16 yildan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan siyosatchi bosh vazirlik lavozimini tark etadi. Shu bilan birga, u deputatlik mandatidan voz kechgan edi.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar