Daryo

“Salom, futbol”. Bugundan Chempionlar Ligasi boshlanadi

Bugundan Chempionlar Ligasining yangi mavsumi boshlanadi. 36 jamoa yangi formatda yana bir bor o‘zaro kuch sinashadi. Bu mavsumda ham turnirda top-klublar o‘rtasidagi qiziqarli bahslar, yangi debyutantlar va yana bir o‘zbekistonlik futbolchi ishtiroki muxlislar e’tiborida bo‘ladi. “Daryo” kolumnisti Qahramon Aslanov o‘zining navbatdagi maqolasida shu haqda so‘z yuritadi.

6 daqiqa o‘qish4 304 ko‘rishlar0 izoh0

Bugundan Yevropa Chempionlar Ligasi 2026/27-mavsumi boshlanadi va seshanba-payshanba kunlari 36 jamoa dastlabki bosqichdagi ilk o‘yinlarini o‘tkazadi. Ikki mavsumdirki ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lib ulgurgan yangi format bo‘yicha har bir klub 8 tadan o‘yin o‘tkazishi lozim.

Yangi format, ko‘proq o‘yin

Bir paytlar Chempionlar Ligasi Chempionlar Kubogi deb nomlanib, faqat pley-offlardan tashkil topgan va 90-yillardan yangicha formatga o‘tish UEFA tomonidan amalga oshirilgan eng zo‘r islohotlardan biri bo‘lgandi. Aynan mana shu o‘zgarish turnirni eng nufuzli musobaqaga aylantirdi va tashkilotga katta mablag‘lar olib keldi. Gap faqat formatda emas, ishtirokchilar tarkibida ham edi.

Sababi, ilgari Chempionlar Kubogida faqat mamlakatida chempion bo‘lgan klublar qatnashib, boshqa jamoalar UEFA kubogiga yo‘llanma olishardi. Sezganingizdek, bu Chempionlar Kubogidagi favoritlar safini ancha pasaytiradi. Tasavvur qiling, o‘sha holat saqlanib qolganida, hozirda Chempionlar Ligasida “Arsenal”, “Real”, “Inter”, “Bavariya” va “PSJ” qatnashib, qolganlar — “Manchester Siti”, “Liverpul”, “Real”, “MYu”, “Atletiko” va boshqa jamoalar UEFA kubogida bo‘lishardi. 90-yillar boshidan esa sovrindorlar ham Chempionlar Ligasiga o‘tdi va natijada Yevropaning deyarli barcha top-klublari bir musobaqada yig‘ilishdi. Bu o‘zgarish ma’lum ma’noda UEFA kubogi nufuzini pasaytirib, keyinchalik yo‘qolib ketishiga sabab bo‘lsa-da, yangicha YCHL bunga arziydi.

Chempionlar Ligasiga berilgan qo‘shimcha yo‘llanmalar, shuningdek, milliy chempionatlardagi intrigani ham oshirgani shubhasiz. Endi APL, La Liga kabi ligalarda chempionlik kurashidan tashqari, kuchli to‘rtlik, kuchli beshlik uchun raqobat avj oldi.

COVID’dan keyingi davr esa ba’zi top-klublarga ko‘proq pul topish ehtiyojini yuzaga keltirib, Superliga mashmashasi paydo bo‘lgach, UEFA ham yangi davr, yangi islohotlar vaqti kelganini payqadi. “Shveytsarcha tizim” deb ataladigan yangi format turnirga yangi qon olib kirishga, kuzgi bahslarning yanada qiziqarli o‘tishiga va tabiiyki, ko‘proq mablag‘lar jalb qilishga qaratilgan dadil qadam edi.

Demak, endi asosiy bosqich ishtirokchilari soni 32 tadan 36 taga oshirilib, guruh formatidan voz kechildi. Endi jamoalar reyting bo‘yicha 4 savatchaga ajratilib, har bir jamoa har bir savatchadan ikkitadan raqibga ega bo‘ladi. To‘rt o‘yin safarda, to‘rt o‘yin uyda tizimida har bir jamoa 8 tadan o‘yin o‘tkazgach, umumiy jadval bo‘yicha eng yaxshi 8 jamoa 1/8 finalga yo‘l oladi. 9–24-o‘rinlarni egallagan jamoalar esa 8 juftlik hosil qilib, alohida pley-off o‘ynaydi va g‘oliblar boyagi 8 jamoaga qo‘shilib, 1/8 final ishtirokchilariga aylanadi. Keyingi o‘yinlar avvalgidek davom etadi.

Payqaganingizdek, endi klublar Chempionlar Ligasining kuzgi, ya’ni guruh bosqichidagi 6 o‘yin o‘rniga 8 ta, shuningdek, 9–24-o‘rinlarni egallagan jamoalar yana qo‘shimcha pley-offda ikkitadan o‘yin o‘tkazishadi. Demak, bir jamoa uchun Chempionlar Ligasidagi yuklamalar soni 2–4 uchrashuvga ko‘paydi. Shuningdek, raqiblar darajasi ham oshganini e’tirof etish kerak.

Dastlabki bosqichlardayoq top o‘yinlar

Avvallari savatchalar bo‘yicha 8 guruh hosil bo‘lib, nimchorak final uchun yo‘llanmalar har bir guruh uchun alohida berilsa, endi barcha jamoalar bir turnir jadvalida raqobat qilishadi. Guruhlar reyting asosida tashkil qilinganligi uchun bir guruhda ikki top-klub bo‘lib qolishi juda kam kuzatilgan holat bo‘lib, shunda ham qolgan ikki raqib bilan muvaffaqiyatli o‘ynash orqali har ikki favorit keyingi bosqich masalasini oson hal qilardi. Yangi formatda hech narsani oldindan aytish qiyin, aksincha, juda ko‘p top-klublarning kuchli sakkizlik tashqarisida qolib, pley-offda bir-biriga ro‘para kelib qolgan holatlarni ham kuzatdik.

Eng kuchli 1-savatchadagi jamoalar ham o‘z savatchasidan 2 ta raqibga ega bo‘lishadi — mana shu holatning o‘zi ham asosiy bosqichda juda ko‘p top-raqiblar to‘qnash kelishini ko‘rsatib turibdi. Fevralgacha davom etadigan asosiy bosqichda guvohi bo‘lishimiz mumkin bo‘lgan top-o‘yinlarga e’tibor bering:

“Real” – “Inter”, “Liverpul” – “Atletiko”, “Napoli” – “Arsenal”, “Atletiko” – “Manchester Yunayted”, “Manchester Siti” – “PSJ”, “PSJ” – “Barselona”, “Bavariya” – “Arsenal”, “Atletiko” – “Bavariya”, “Arsenal” – “Borussiya”, “Manchester Siti” – “Napoli”, “Barselona” – “Manchester Siti”, “Arsenal” – “Real”, “Inter” – “Liverpul”, “Manchester Yunayted” – “Bavariya” va hokazo. Deyarli har turda biz bir nechta top-uchrashuvlarga guvoh bo‘lamiz. Dastlabki yillarda bu bosqich o‘yinlariga ba’zi top-klublar biroz panja ortidan qarashgan bo‘lsa, o‘tgan mavsumda kuchli sakkizlik uchun bahs ancha raqobatli bo‘ldi, zero yuqorida aytilganidek, qo‘shimcha pley-offda boshqa bir kuchli raqibga tushib qolishni hech kim istamaydi.

Mavsum intrigasi

Albatta, har doim bo‘lganidek, navbatdagi mavsumning ham o‘z favoritlari bor. Misol uchun, Luis Enrikening “PSJ”si qatorasiga ikki marta g‘olib bo‘lgan ikkinchi jamoaga aylandi va bu boradagi rekordchi “Real”ning natijasini takrorlashga bel bog‘lagan. Chempion tarkibini deyarli saqlab qolgan parijliklar tabiiyki, yangi mavsumni ham asosiy favorit sifatida boshlashadi. Ammo doimgidek, bu safar ham “PSJ”ga ancha qiyin raqiblar tushganini e’tirof etish kerak. Dastlabki bosqichning o‘zida parijliklar “Manchester Siti”, “Barselona”, “Vilyarreal”, “Roma”, “Aston Villa”, “Komo” kabi jamoalarga qarshi maydonga tushadi. Odatda kuzgi “PSJ” biroz boshqacha bo‘lishini e’tiborga olsak, kuchli sakkizlikka kirish oson bo‘lmaydi. Avvalgi ikki mavsumda top-8 ga kirish uchun kamida 16 ochko kerak bo‘lgan. Demak, 8 o‘yindan kamida beshtasida g‘alaba qozonish kerak bo‘ladi.

Yangi mavsum favoriti sifatida esa Londonning “Arsenal” klubi tilga olinmoqda. Finalda faqat penaltilar seriyasida yutqazgan, yozda esa Tsolis, Gimaraes, Konsа kabi futbolchilar bilan kuchaygan Arteta jamoasi bu safar bor imkoniyatini mazkur yevrokubokka qaratishini bemalol taxmin qilsa bo‘ladi. Ma’lumot uchun, “Arsenal” o‘z tarixida hech qachon Yevropaning eng nufuzli turnirida g‘alaba qozona olmagan.

Shuningdek, o‘tgan yili deyarli g‘oliblarga xos o‘yin ko‘rsatgan “Bavariya”, Mourinyo bilan yarim tarkibni yangilagan “Real”, yarimhimoyaning o‘ziga yarim milliard sarflab qo‘ygan “Manchester Siti”, xuddi shuncha pulni hujum chizig‘i uchun sarflagan “Liverpul”, doimgidek “Barselona” kabi jamoalar ham faqat g‘oliblik uchun kurashishadi.

Bundan tashqari, uch yillik tanaffusdan so‘ng yana turnirga qaytayotgan “Manchester Yunayted”ga ham qiziqish katta bo‘ladi. “Qizil iblislar” yangi formatga o‘tilganidan buyon hali ushbu musobaqada qatnasha olmayotgandi.

Debyutantlar, Chempionlar Ligasida yana bir o‘zbek

Avstriyaning “LASK” jamoasi 1965-yildan buyon ilk marotaba mamlakat chempioni bo‘ldi va ilk bor Chempionlar Ligasida ishtirok etadi. Avstriyaliklarning, ayniqsa, “Seltik”ka qarshi pley-off o‘yinlari juda qiziq bo‘ldi. Safardagi o‘yinni 0:3 hisobida boy berib, buning ustiga javob uchrashuvida ham gol o‘tkazib yuborgan “LASK” 90-daqiqada umumiy hisobni tenglashtirdi va qo‘shimcha vaqtda hisobni 5:1 ga yetkazdi.

Ozarbayjonning “Sabah” jamoasi ham javob o‘yinida kambek qilishga muvaffaq bo‘ldi. 5:2 hisobidagi g‘alaba umumiy natijani 6:4 ga aylantirdi — oxirgi ikki gol bu yerda ham qo‘shimcha vaqtda urilganini eslatish joiz. Quvonarli tomoni, qardoshlarimizni o‘yinga qaytargan muhim gol hamyurtimiz Umarali Rahmonaliyev hisobiga yozilgandi. O‘z vaqtida Shatskix, Denisov, Irismetov, keyinchalik Yaxshiboyev, Husanov kabi vakillarimiz ushbu turnirda ishtirok etishgan edi, endi ular safiga Rahmonaliyev ham qo‘shiladi. “Sabah” turnirda “Borussiya”, “Manchester Yunayted”, “Barselona”, “Arsenal” kabi top-raqiblarga qarshi bahs olib boradi. Jamoaning ilk o‘yini esa payshanba oqshomida “Manchester Yunayted”ga qarshi safarda bo‘lib o‘tadi. Demak, Rahmonaliyev “Old Trafford”da maydonga tushgan ikkinchi o‘zbekka aylanadi.

Yana bir debyutant esa Norvegiyaning “Viking” klubidir. Mortin Yensen shogirdlari o‘tgan mavsumda mamlakat chempioni bo‘lishdi va saralash pley-off bosqichida Zagrebning “Dinamo”sini dog‘da qoldirdi.

1-tur

Yuqorida aytganimizdek, 1-tur bugundan boshlanadi va bu safar o‘yinlar payshanba oqshomini ham qamrab oladi. Ba’zi uchrashuvlar Toshkent vaqti bilan 21:45 da ham bo‘lishini e’tiborga olsak, shu turning o‘zida 6 ta o‘yinni to‘g‘ridan to‘g‘ri tomosha qilish imkoniyatingiz bor.

Bugungi o‘yinlar ichida “Bryugge” – “Aston Villa” (sharhlovchi Faxriddin Turopov) va “Real Madrid” – “Inter” (Hasan Turdialiyev) o‘yinlari “Zo‘r TV” teledasturidan o‘rin olgan.

1-tur bo‘yicha o‘zbek muxlislari “Zo‘r TV”da, shuningdek, “Barselona” – “Feyenoord” (Hasan Turdialiyev), “Liverpul” – “Atletiko” (Faxriddin Turopov), “Fenerbahche” – “Roma” (Abdurahmon Ergashev), hamda “Manchester Yunayted” – “Sabah” (Hasan Turdialiyev) o‘yinlarini tomosha qilishlari mumkin.

“AEK” – “LASK” (Ozodbek Sattorov), “Portu” – “Manchester Siti” (Abdurahmon Ergashev), “Shtutgart” – “Viking” (Ozodbek Sattorov), “Napoli” – “Arsenal” (Abdurahmon Ergashev) o‘yinlari esa “Zo‘r TV” ilovasida namoyish etiladi.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar