Bugun va ertaga Chempionlar Ligasida chorak final javob o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Dastlabki o‘yinlarning uchtasi mehmonlar g‘alabasi bilan tugagan bo‘lsa-da, hali biror juftlikda butunlay intriganing o‘lganini aytish qiyin. Qaysidir jihatdan har bir jamoada vaziyatni o‘nglash va farqni yo‘qqa chiqarish imkoniyati bor. Kimdir o‘z maydoni faktoridan, kimdir raqibning muammolaridan kelib chiqqan holda javob o‘yinlariga umid bilan qarayotgani shubhasiz. Quyida juftliklarni kambek bo‘lish ehtimoliga qarab tartiblab chiqildi.
“Arsenal” – “Sporting” (birinchi o‘yin 1:0)
“Arsenal” barcha musobaqalardagi so‘nggi to‘rt o‘yindan uchtasida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, portugaliyaliklarning “Emireyts”dagi imkoniyati to‘rtlik ichida eng pastroq degan bo‘lardim. Lekin shunda ham bor, masalan, o‘sha, “Arsenal”ning ayni paytdagi qoniqarsiz formasi. Liga Kubogi finalidagi mag‘lubiyatni tushunsa bo‘ladi, “Manchester Siti” o‘yinda burilish yasaguncha Arteta shogirdlari ancha munosib ko‘rinayotgandilar. Ammo terma jamoalar tanaffusidan keyingi o‘yinlarda “Arsenal”ni tanib bo‘lmayapti – “Sautgempton”dan uchralgan mag‘lubiyat jamoani Angliya Kubogidan chiqarib yuborgan bo‘lsa, “Bornmut” bilan o‘yindan keyin Premyer Ligadagi ustunlik ham xavf ostida qoldi. “Arsenal” agar standart vaziyatlarni qo‘shmasa, “Bornmut” darvozasiga atigi 0.18 xG yaratdi – bu mana shu statistika yuritilayotganidan beri jamoa uy o‘yinlaridagi eng past ko‘rsatkich.

“Sporting”ning aynan “Arsenal”ga qarshi o‘yinlarda doim munosib harakat qilib kelganini ham ta’kidlash kerak. Portugaliyaliklar “Arsenal”ga qarshi so‘nggi yillarda 6 marta maydonga tushgan bo‘lsa, birorta ham g‘alaba qozona olmagan, ammo uchta o‘yin durang, ikki o‘yinda esa “Arsenal” minimal hisobda g‘alaba qozongan. “Sporting” himoyada tartibli o‘ynab, o‘z imkoniyatini kutishga qodir jamoa.
Shuningdek, “Arsenal” uchun biroz noqulay ssenariy – 1:0 mezbonlar uchun qoniqarli ustunlik, lekin mana shuni saqlab qolish uchun o‘ynash kerakmi yoki tashabbuskor futbol ko‘rsatib, riskka borish o‘zini oqlaydimi? Mazkur o‘yindan keyin atigi 3 uch kun o‘tib “Arsenal” “Etihad”da “Manchester Siti” mehmoni bo‘lishini e’tiborga olsak, Arteta uchun hujumkor boshlab, o‘yin taqdirini ertaroq hal qilish va yetakchilarni saqlab qolish to‘g‘ridek ko‘rinadi. Umuman so‘nggi mag‘lubiyatdan keyin “Arsenal” pragmatik o‘ynashga haqqi yo‘q, muxlislar oldida o‘zini oqlab olish, hamda o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytarish uchun ham chiroyli g‘alaba zarur.
O‘tgan safar, “Arsenal” tanqidlar girdobida qolganda “Tottenhem”ga qarshi derbini nihoyatda hujumkor va chiroyli g‘alaba bilan javob berganini eslash mumkin. “Arsenal” safida bir qator yetakchi futbolchilar – Saka, Edegor, Timber va Kalioforilarning ushbu uchrashuvda maydonga tushishi so‘roq ostida. Futbolchilar avvalgi o‘yinlarda ham qaydnomadan chetda qolgandi.
Taxminiy tarkiblar:
“Arsenal” (4-3-3): Raya, Uayt, Saliba, Gabriel, Inkapie, Subimendi, Rays, Eze, Madueke, Trossar, Gyokeres.
“Sporting” (4-2-3-1): Silva, Frasneda, Diomande, Inasio, Arauxo, Simoesh, Morita, Gonsalvesh, Trinkao, Katamo, Suares.
Hakam: Fransua Leteksye (Fransiya)
Stadion: London, “Emireyts Stadium” (60 383 tomoshabin sig‘imli)
15 aprel, 23:55 (Toshkent vaqti bilan)
“Liverpul” – “PSJ” (birinchi o‘yin 0:2)
Agar dastlabki o‘yinlar mazmunidan kelib chiqilsa, “Liverpul”ning imkoniyati “Sporting”dan ham pastroq baholanishi kerak edi, zero Slot jamoasi umuman butun mavsumni beqaror, muammolar girdobida o‘tkazmoqda va Parijdagi o‘yin to‘liq mezbonlarning ustunligida o‘tgandi ham. Ammo “Liverpul” baribir katta klub ekan, tarkibida yuqori darajadagi ijrochilar to‘p surishi va eng muhimi “Enfild” sehrini unutmaslik kerak. Liverpulliklar o‘z vaqtida “Barselona” ustidan afsonaviy kambekni amalga oshirganda ham ispanlar yaqqol favorit bo‘lgan, “Liverpul” esa bir qator yetakchi futbolchilarsiz o‘ynagan edi. Ammo “Enfild” muhiti har qanday futbolchini to‘qson daqiqa uchun yulduzga aylantira oladi, hech sodir bo‘lmagan, bunga ehtimoli ham past bo‘lgan voqealar sodir bo‘lishi hech gap emas. Axir bu o‘yin o‘tgan yili Angliya chempioni bo‘lgan va yozda bir qator katta xaridlarni amalga oshirgan klub uchun mavsumni qutqarib qolishning yagona ilinji – “Liverpul” ichki kuboklardan chiqib ketgan, chempionatda ham maksimum Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashyapti xolos.

“Liverpul” tarkibida jarohatlangan futbolchilar qaytayotganini ham ta’kidlash mumkin, masalan, Aleksandr Isak Parijda ham 12 daqiqaga ega bo‘lgan, “Fulhem” bilan esa ko‘proq vaqt harakat qildi. Asosiy tarkibda bo‘lmasa-da, zaxiradan o‘yinni kuchaytirishi mumkin, zero so‘nggi oylarda Slotga aynan shu jihat yetishmayotgandi. “PSJ”da xuddi o‘tgan yildagi kabi bahorga kelib barcha futbolchilar tiklangan, yetarlicha dam olgan holatda, yuqori sport formasida yetib kelmoqda. Faqat Fabian Ruis o‘ynay olmaydi.
Parijdagi o‘yinni esladik, aslida bir yil oldingi to‘qnashuvda ham “PSJ” o‘z maydonida yanada ustunroq o‘yin namoyish etgandi. Ammo “Liverpul” birgina qarshi hujumdan hal qiluvchi golni urib ketgan, keyin esa “Enfild”da ustunlikni boy berib qo‘ygandi. Xarakter jihatidan ham bugungi o‘yin boshqacha – bir yil oldin mezbonlar hisobni saqlab qolishga o‘ynagan bo‘lishsa, bu safar ilk daqiqalardan gol urishga otlanishadi. Tabiiyki, ichki chempionatda yetarlicha bosim his qilmaydigan parijlik futbolchilar uchun bu biroz muammoli bo‘lishi mumkin. Xullas, birinchi o‘yindan kelib chiqsak, “Liverpul”da imkoniyat yo‘q, ammo “Enfild” faktori tufayli bu juftlikda ham intriga borligiga ishongimiz keladi.
Taxminiy tarkiblar.
“Liverpul” (4-2-3-1): Mamardashvili, Frimpong, Konate, van Deyk, Kerkez, Gravenberx, Mak Allister, Saloh, Saboslai, Virts, Ekitike
“PSJ” (4-3-3): Safonov, Hakimi, Markinyos, Pacho, Mendesh, Zair-Emeri, Vitinya, Nevesh, Due, Kvarasxeliya, Dembele.Murabbiylar: Arne Slot – Luis Enrike
Murabbiylar: Arne Slot — Luis Enrike
Hakam: Maurisio Mariani (Italiya)
Stadion: Liverpul, “Enfild” (61 276 tomoshabin sig‘imli)
14 aprel, 23:55 (Toshkent vaqti bilan)
“Atletiko” – “Barselona” (birinchi o‘yin 2:0)
To‘rt juftlik ichida aslida eng qiyin vazifa “Barselona”da, chunki safarda ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqarish kerak. Qolgan jamoalarda farq bir to‘p, “Liverpul” esa o‘z maydonida o‘ynaydi. Buning ustiga “Atletiko” o‘z maydonidagi Chempionlar Ligasi pley-off o‘yinlarida qariyb 30 yildan beri yutqazmay kelyapti. Buning ustiga o‘sha 1997-yildagi o‘yinda ham (“Ayaks” – 2:3) mezbonlar faqat qo‘shimcha vaqtda mag‘lubiyatga uchrashgandi. Xo‘sh, unda nega bu o‘yindagi kambek ehtimolini yuqoriroqqa joyladik?
Sababi, agar birinchi o‘yinga qarab baholasak, faqat shu o‘yinda mag‘lub tomon qo‘shimcha faktorlar evaziga yutqazdi. Ya’ni o‘yin taqdirini va syujetini birinchi taym oxirlarida mezbonlar himoyachisi Kubarsiga ko‘rsatilgan qizil kartochka hal qilib qo‘ydi. O‘sha hujum uchun belgilangan standart vaziyat golga aylanganini inobatga olsak, bu kartochka “Barselona”ga hech qanday foyda keltirmadi ham. Demak, birinchi o‘yindagi natija tomonlar kuchini u qadar ko‘rsatmasligi, mehmonlarda imkoniyat u qadar yomon emasligini ko‘rsatuvchi bir qator sabablar bor.

Birinchidan, o‘sha qizil kartochkadan keyin ham “Barselona” bir kishi kam bo‘lib to‘liq ustunlik qildi – 2-taymda zarbalar nisbati 8-1, 60-40 foiz to‘p nazoratidagi tashabbus va yana boshqa bir qator ko‘rsatkichlarda Flik shogirdlari yomon ko‘rinishmadi. Demak to‘liq tarkib bilan “Barselona” bemalol harakat qilsa bo‘ladi, Ikkinchidan, “Atletiko”ning o‘z uyida naqadar “devor” ekanini aytganimiz bilan bu shunchaki statistik ma’lumot, zero masalan, yaqinda “Byude-Glimt” ham Madridda muhim uchrashuvda kambek qilib, g‘alaba qozonib ketgandi. Uchinchidan, Ispaniya kubogi uchun bahsda “Atletiko” “Barselona” ustidan birinchi o‘yinda 4:0 hisobida g‘alaba qozongach, “Kamp Nou”ga to‘liq himoyaviy reja bilan tashrif buyurdi va shunda ham kataloniyaliklar uch marta raqib darvozasini ishg‘ol qilishni uddalashdi. Ya’ni hatto quyi blokga qarshi bo‘lsa ham “Barselona”da gollar urish imkoniyati bo‘lishini ta’kidlash kerak.
“Barselona” Rafinyasiz o‘ynashga majbur, lekin yaxshi xabarlardan biri Frenki de Yongning tiklanib safga qaytganidir. Niderlandiyalik yarimhimoyachi salkam ikki oylik tanaffusdan so‘ng “Espanyol”ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida maydonga tushdi va hatto assist amalga oshirishga ham ulgurdi. Uning Pedri bilan juftligi o‘yinning borishida muhim ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz.
Yana bir muhim fakt. La Ligada tepaga ham, pastga ham tushib ketmaydigan “Atletiko” “Sevilya”ga qarshi so‘nggi o‘yinida yuz foiz ikkinchi tarkib bilan harakat qildi. Faqat darvozabon Musso o‘sha kundagilar ichida bugun ham maydonga tushishi mumkin. Shu holatda Xansi Flik “Espanyol”ga qarshi Pedrini to‘liq 90 daqiqa o‘ynatgani biroz tushunarsiz.
Taxminiy tarkiblar.
“Atletiko” (4-4-2): Musso, Molina, le Norman, Langle, Rudjeri, Simeone, Lyorente, Koke, Lukman, Grizmann, Alvares
“Barselona” (4-2-3-1): Garsiya, Kunde, Arauxo, Garsiya, Konselu, de Yong, Pedri, Yamal, Fermin, Reshford, Levandovski.
Murabbiylar: Diyego Simeone – Hansi Flik
Hakam: Kleman Tyurpen (Fransiya)
Stadion: Madrid, “Metropolitano” (70 460 tomoshabin sig‘imli)
14 aprel, 23:55 (Toshkent vaqti bilan)
“Bavariya” – “Real” (birinchi o‘yin 2:1)
Birinchi uchrashuvda “Bavariya”ning rejasi aniqroq ishladi, har tomonlama nemislar ustunlik qilishdi, vaziyatlar ham ko‘p bo‘ldi, mehmonlar g‘alaba qozondi ham. Lekin raqib aynan “Real” bo‘lgani uchun har qanday yakunni kutish mumkin. Yo‘q, asos sifatida avvalgi yillar, “Real”ning bu turnirdagi o‘ziga xos sehri yoki boshqa qo‘lga ushlab bo‘lmas faktorlarni keltirmoqchi emasmiz. Shunchaki, avvalgi o‘yinni ko‘ring – mana shunday butunlay muvaffaqiyatsiz boshlangan o‘yinda ham “Real” bir qator imkoniyatlarga ega bo‘ldiki, agar Mbappe va Vinisius aslida doim gol urib yurgan vaziyatlaridan bu safar ham normal shaklda foydalanishganda bemalol hatto g‘alaba ham qozonishi mumkin edi. O‘ta darajada super o‘yin yoki zarbalar haqida aytilmayapti, shunchaki odatiy vaziyatlar ham yetarlicha bo‘ldi va “Real” foydalana olmagandi. Mehmonlar darvozaboni Manuel Noyerning 10 seyv bilan uchrashuvning eng yaxshisi deb topilishi ham shundan dalolat.
“Real” dastlabki o‘yinning ikkinchi taymini “Bavariya” uchun noqulay, o‘zi uchun esa juda mos bo‘lgan kartinaga o‘zgartira oldi – deyarli maydon markazisiz kechgan o‘yinda mehmonlar yirik hisobda g‘alaba qozonishlari ham, “Real” vaziyatni o‘nglashi ham mumkin edi. Menga shunday ehtimollar jangida odatda individual mahorat ham o‘ta muhim bo‘lib, aynan shu jihatdan madridliklar “Bavariya”dan kam emas.
Qolgan barcha jihatlarda “Bavariya” o‘zining umuman tarixdagi eng yaxshi mavsumlaridan birini o‘tkazmoqda. 29 o‘yinda 105 gol bu hatto Bundesliqa uchun ham kosmos daraja. Jamoa bu mavsum atigi ikki marta mag‘lubiyatga uchradi, birorta o‘yinni gol urmasdan tark etmadi. Kompani uchun eng muhim vazifa – mana shu tartibni saqlab qolish, “Real”ning qopqoniga tushib qolmaslik. Chunki o‘tkazib yuborilgan gol jamoada qo‘shimcha bosim va ishonchsizlik olib keladi. “Bavariya” esa bunday shartlarda o‘zini qanday ko‘rsatishi ma’lum emas.

Qiziq fakt, ushbu jamoalar pley-offda to‘qnash kelgan so‘nggi 5 Chempionlar Ligasida mana shu juftlik g‘olibi yakunda sovrinni ham uyiga olib ketgan. 2014, 2017, 2018 va 2024 yillardagi “Real” kubokni qo‘lga kiritish yo‘lida “Bavariya” to‘sig‘idan ham o‘tgan bo‘lsa, 2012/13 mavsumidagi chorak finalda nemislar ustun kelishgan va yakunda mazkur kubokni qo‘lga kiritishgan.
Taxminiy tarkiblar:
“Bavariya” (4-2-3-1): Noyer, Stanishich, Upabekano, Ta, Laymer, Kimmix, Pavlovich, Olise, Gnabri, Dias, Keyn.
“Real”: (4-4-2): Lunin, Aleksandr-Arnold, Ryudiger, Militao, Garsiya, Guler, Valverde, Bellingham, Pitarch, Vinisius, Mbappe.
Murabbiylar: Vensan Kompani – Alvaro Arbeloa
Hakam: Slavko Vinchiс (Sloveniya)
Stadion: Myunxen, “Alyans Arena” (75 024 sig‘imli)
15 aprel, 23:55 (Toshkent vaqti bilan)








