Daryo

“‘Barselona’ning e’tirozi haqli edi” — UEFA prezidenti hakamlarni keskin tanqid qildi

Madridda o‘tgan The Forum konferensiyasida nutq so‘zlagan Cheferin qoidalarning turlicha talqin qilinishi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

1 daqiqa o‘qish3 568 ko‘rishlar0 izoh4

UEFA prezidenti Aleksander Cheferin futbol muxlislari kabi o‘zi ham hakamlarning “qo‘l bilan o‘yin” holatlarini turlicha baholayotganidan charchaganini tan oldi.

Yaqinda “Barselona” YCHL chorak finalida “Atletiko Madrid”ga qarshi kechgan o‘yinlardagi hakamlik ustidan UEFAga shikoyat qilgan edi. Birinchi bahsda (0:2) madridliklar darvozaboni Xuan Musso to‘pni sherigiga uzatgan, himoyachi Mark Pubil esa uni qo‘li bilan to‘xtatib, yana darvozabonga qaytargan. Hakam Ishtvan Kovach bu yaqqol holatda penalti belgilamagan, VAR esa aralashmagan. UEFA “ko‘k-anorranglilar”ning ushbu shikoyatini rad etdi.

Madridda o‘tgan The Forum konferensiyasida nutq so‘zlagan Cheferin qoidalarning turlicha talqin qilinishi bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

“Muxlislar nega qoidalar har o‘yinda turlicha talqin qilinishini tushunmayapti va men ular qatoridaman. To‘g‘risi, men ham bu borada hech narsaga tushunmay qoldim. Masalan, qo‘l bilan o‘yinni olaylik — hech kim qachon penalti berilishi, qachon berilmasligini bilmaydi. To‘p qo‘lga ataylab tegdimi yoki yo‘qmi. Buni qanday aniqlash mumkin? Hakam psixiatr emas-ku!”, dedi UEFA rahbari.

Shuningdek, Cheferin videoassistentlar (VAR) ishiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, tizim faqat “yaqqol va ochiq-oydin” xatolar bo‘lgandagina aralashishi kerak:

“Biz hakamlarga qarorni maydonning o‘zida qabul qilish kerakligini tushuntiryapmiz. VAR’ning aralashuvi qisqa bo‘lishi lozim. La Liga yoki Angliya Premyer Ligasidagidek, bitta vaziyatni tekshirish uchun o‘yinni 10–15 daqiqaga to‘xtatib qo‘yish kerak emas”.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar