Rossiya rasmiylari 7-sentyabr kuni Germaniyaning Sankt Peterburgdagi so‘nggi mintaqaviy Bosh konsulligi yopilishini e’lon qildi. Tegishli qaror Berlinning Bonndagi Rossiya Bosh konsulligini yopishi haqidagi xabariga javob bo‘ldi. Bu haqda Deutsche Welle va “Kommersant” nashrlari xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qaror “Germaniya tomonining dushmanona harakatlari sababli” qabul qilingan. Germaniya Bosh konsulligi 2026-yil 18-sentyabrdan kechiktirmasdan o‘z faoliyatini to‘xtatishi lozim. Barcha xodimlar bu muddatgacha Rossiya Federatsiyasini tark etishi shart.
Qolaversa, Rossiyadagi Gyote instituti filiallari ham faoliyatini to‘xtatishi kerak. Ularning xodimlariga 2026-yil 13-sentyabrdan kechiktirmasdan Rossiyani tark etish buyurildi, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Germaniya diplomatik missiyasi rahbari Rossiya Tashqi ishlar vazirligidan tegishli notalarni qabul qilib olgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Germaniya rasmiylarini ikki tomonlama munosabatlarni “yangi bosqichda keskinlashtirishda” aybladi. Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Gyote instituti filiallari yopilishini e’lon qilgan edi.
Bonndagi Rossiya Bosh konsulligi va Berlindagi Rossiya uyining yopilishi
Germaniya rasmiylari 1-sentyabr kuni Bonndagi Rossiya Bosh konsulligi hamda Berlindagi Rossiya uyi yopilishini e’lon qilgan. Bu qaror avgust oyi boshida Leypsig/Halle aeroportida rejalashtirilgan teraktga javoban qabul qilingan.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Iogann Vadeful va ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt hodisa bo‘yicha tergov natijalarini rasman e’lon qilgan. Tergov Rossiya rasmiylarining bu ishga aloqadorligini ko‘rsatgan.
Germaniya Bonndagi Rossiya Bosh konsulligini yopish va Berlindagi Rossiya uyi bo‘yicha kelishuvni bekor qilishdan tashqari, Rossiya fuqarolari uchun kirish nazoratini ham kuchaytiradi. Shuningdek, Rossiyaning “soyalar floti”ga qarshi choralarni qat’iylashtiradi. Ayni paytda, Yevropa Ittifoqi va NATO, shuningdek, bir qator Yevropa hukumatlari Germaniyani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
4-avgust kuni Leypsig aeroportida Ukrainaning An-124 yuk samolyotiga qarshi qo‘poruvchilik harakati sodir bo‘lgan edi. OAVning Germaniya tergov idoralariga tayanib xabar berishicha, bu hujumda bir nechta dron ishtirok etgan.
Portlovchi modda ortilgan uchuvchisiz apparatlardan biri bir nechta Ukraina yuk samolyotlari yaqinida topilgan. Ikkinchi dron esa birinchi dron topilganidan bir necha daqiqa o‘tib, DHL yuk samolyotiga kelib urilgan.
Avvalroq Vengriya 10 nafar rossiyalik diplomatni haydab yuborgani haqida xabar berilgandi. Ular Vena konvensiyasiga zid ravishda faoliyat yuritgani ma’lum qilingan. Bu sobiq bosh vazir Viktor Orbanning Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi siyosati tugaganini ko‘rsatmoqda.








