Rossiya Davlat dumasi mamlakat tashqarisida bo‘lgan va o‘ziga berilgan jazolardan qochib yurgan shaxslarga qarshi “Vaqtincha cheklov choralari to‘g‘risidagi” qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Yangi qonundagi cheklov va taqiqlar Rossiyadan tashqarida bo‘lgan va Jinoyat kodeksining istalgan moddasi bo‘yicha sudlangan barcha shaxslarga tegishli bo‘ladi. Shuningdek, cheklovlar ma’muriy huquqbuzarlikda ayblanganlarga ham taalluqlidir. Bularga quyidagi ayblar bo‘yicha jarimalarni to‘lamaganlar kiradi:
- xorijiy agent sifatida faoliyat yuritish;
- nomaqbul tashkilot faoliyatida qatnashish;
- Rossiyaning hududiy yaxlitligini buzishga da’vat qilish;
- sanksiyalar joriy etishga da’vat qilish;
- Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish.
Qanday cheklovlar joriy etiladi?
Ushbu shaxslarga nisbatan Rossiyada “Vaqtincha cheklov choralari majmui” qo‘llaniladi. Ularga quyidagilar kiradi:
- bank hisoblarini muzlatish;
- ilgari berilgan barcha litsenziya, ruxsatnoma va akkreditatsiyalarni to‘xtatish;
- o‘ziga tegishli ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotishni taqiqlash;
- mamlakat ichida davlat xizmatlarini ko‘rsatishni rad etish;
- xorijda konsullik xizmatlarini ko‘rsatishni rad etish (masalan, xorijga chiqish pasportini berish, bitimlar, vasiyatnomalar va ishonchnomalarni tasdiqlashni taqiqlash).
Qonun loyihasiga ikkinchi o‘qishda qo‘shimcha cheklovlar kiritildi. Masalan, banklar qonun qamrab olgan shaxslarning ilovalarga va veb-saytlardagi shaxsiy kabinetlariga kirishini bloklaydi. Bu ularning pul o‘tkazmalarini amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bundan tashqari, ularning daromadlari maxsus hisobvaraqqa o‘tkaziladi. Ushbu hisobdan sud xarajatlari yechib olinadi. Qonun rasman e’lon qilinganidan keyin kuchga kiradi.
Ikkinchi va uchinchi o‘qishdagi ovoz berishdan oldin Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin bayonot berdi. U mamlakatdan ketganlar sudga kelib, aybini tan olish haqida o‘ylashi kerakligini aytdi.
“Gap mamlakatimizga zarar yetkazayotganlar haqida bormoqda. Bular ekstremistlar, vatanga xiyonat qilganlardir. Ular yillar davomida davlatimizni yo‘q qilishga urinmoqda. Ular fashizmni oqlaydi, askar va ofitserlarimizni haqorat qiladi. Shu bilan birga, ular boshqa mamlakatlarda jazodan yashirinib yuribdi, bir qator davlatlar esa bu xoin rejimlarning buyrug‘i bilan ularga hamiylik qilmoqda”, dedi Volodin.
Ma’lumot o‘rnida, kuni kecha sudlangan migrantlarga Rossiyada yashash taqiqlangani va fuqarolik berilmasligi haqida xabar berilgandi.








