Shvetsiya Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini oldindan to‘g‘ri baholay olmaganidan so‘ng razvedka tizimini tubdan isloh qilishga kirishdi. Mamlakat hukumati Buyuk Britaniyaning MI6 tashqi razvedka xizmati modeliga o‘xshash yangi fuqarolik razvedka agentligini tashkil etishga qaror qildi. Bu haqda The Economist yozmoqda.
Nashrning yozishicha, 2022-yilda Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlash arafasida AQSH va Buyuk Britaniya razvedka xizmatlari urush xavfi haqida ogohlantirgan edi. Biroq Yevropadagi ayrim davlatlar bu bahoga qo‘shilmagan.
Jumladan, Shvetsiyaning Harbiy razvedka va xavfsizlik xizmati (MUST) ham Rossiya to‘liq urush boshlashiga shubha bilan qaragan. Fransiya va Germaniya razvedka rahbarlari singari, MUST ham bunday qarorni Vladimir Putin uchun haddan tashqari xavfli va mantiqsiz qadam deb hisoblagan.
Endi esa Stokgolm bunday xatoni takrorlamaslikka qaror qilgan.
Shu maqsadda may oyida Shvetsiya hukumati Utrikes underrättelsetjänst (UND) nomli yangi Tashqi razvedka xizmatini tashkil etishini e’lon qildi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Mariya Malmer Stenergardning aytishicha, UND fuqarolik agentligi bo‘lib, Buyuk Britaniyaning MI6 tashqi razvedka xizmatiga o‘xshash tuzilma sifatida faoliyat yuritadi.
Yangi idora MUST bilan birgalikda ishlaydi va uning ayrim vakolatlarini ham o‘z zimmasiga oladi. Shvetsiya parlamenti mazkur tashabbusni 13-avgust kuni ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Agar loyiha ma’qullansa, UND 2027-yil yanvaridan ish boshlaydi.
Yangi agentlikni tashkil etish g‘oyasi sobiq bosh vazir Karl Bildt tomonidan ilgari surilgan. U o‘tgan yili Shvetsiya razvedka tizimi faoliyatini tahlil qilib, 2022-yildagi xatolarning asosiy sabablaridan biri mamlakatda Qurolli kuchlardan mustaqil fuqarolik tashqi razvedka xizmatining yo‘qligi ekanini qayd etgan.
Bildtning fikricha, MUST jang maydonidagi harbiy vaziyatni kuzatishda samarali ishlagan bo‘lsa-da, Rossiya siyosati va Kreml rahbariyatining strategik qarorlarini yetarli darajada tahlil qila olmagan.
“Biz harbiy voqealarni kuzatishda juda yaxshi ishladik. Ammo Rossiya siyosati va uning qayerga qarab ketayotganini tushunishda unchalik muvaffaqiyatga erishmadik”, degan Bildt.
The Economist’ga ko‘ra, Shvetsiya so‘nggi yillarda xavfsizlik siyosatini keskin o‘zgartirdi. Mamlakat 2022-yilda NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi va ikki yilga yetmay alyansga qo‘shildi. Shu tariqa Shvetsiya qariyb 200 yil davom etgan harbiy betaraflik siyosatiga yakun yasadi.
Hozirda Shvetsiya mudofaa xarajatlariga yalpi ichki mahsulotining 2,8 foizini yo‘naltirmoqda va 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni NATO belgilagan 3,5 foizga yetkazishni rejalashtirgan. Shuningdek, mamlakat Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishda ham faol ishtirok etmoqda.
Nashrga ko‘ra, Shvetsiya yolg‘iz emas. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi hamda Yevropaning AQSH razvedkasiga qaramligi haqidagi xavotirlar fonida boshqa Yevropa davlatlari ham razvedka tizimlarini qayta ko‘rib chiqmoqda.
Xususan, Germaniya va Niderlandiya siyosatchilari AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyani birlashtirgan Five Eyes (Besh ko‘z) alyansiga o‘xshash Yevropa razvedka ma’lumotlari almashish tarmog‘ini yaratish g‘oyasini ilgari surmoqda.
Shvetsiya 2024-yilning mart oyida NATO ittifoqiga a’zo bo‘lgan. Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi ortidan Boltiq dengizi atrofida keskinlik keskin kuchaydi. Joriy yilning 12-iyun kuni Shvetsiya o‘z havo hududi yaqinida Rossiyaning ikkita harbiy samolyotini tutib qolish uchun ikki juft (jami to‘rtta) JAS 39 Gripen qiruvchi samolyotini havoga ko‘targan edi.








